|
Akademiya barpo bo'lishining qisqa tarixi
|
O'rta Osiyo huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun kadrlar tayyorlab beradigan eng yirik oliy ta'lim muassasalaridan biri bo'lgan IIV Akademiyasining tarixi 1932 yilda Toshkent o'rta maxsus militsiya maktabi tashkil etilishi bilan boshlangan. U 25 yildan ortiq vaqt mobaynida O'zbekiston Respublikasi hududidagi ichki ishlar organlari uchun yurist (huquqshunos) kadrlar tayyorlab beruvchi yagona maxsus o'quv yurti bo'lgan. |
 |
| |
Maktab kursantlari marshda (1932 y.) |
 |
1958 yilda Toshkent shahrida RSFSR Jamoat tartibini saqlash vazirligi Moskva oliy maktabi sirtqi ta'lim fakultetining bo'linmasi tashkil qilingan. O'sha yilning o'zida sirtqi ta'lim tinglovchilarining dastlabki tanlovi bo'lgan. 1961 yilda birinchi bitiruv marosimi bo'lgan. Sirtqi bo'limni O'zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog'iston IIVning xodimlaridan iborat 48 nafar tinglovchi bitirdi. |
|
Mashg'ulotlarda (1958 y.) |
|
O'rta Osiyo mintaqasi ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlarga bo'lgan ehtiyoj ortib borayotganligi sababli 1964 yil 1 avgustda O'zbekiston Respublikasi hukumatining qarori bilan bo'lim Toshkent sirtqi ta'lim fakultetiga aylantirilgan. Unda uchta kafedra – maxsus fanlar, yuridik fanlar va ijtimoiy fanlar kafedralari tashkil qilingan. 1964 yil sentyabr oyida fakultet qoshida kechki bo'lim ochiladi. Unda Toshkent garnizoni ichki ishlar organlarining 50 nafar xodimi ta'lim oladi. 1965 yilda o'quv bo'limi tashkil etilgach, metodik va o'quv tarbiyaviy ishlar sezilarli darajada jonlandi. Bu vaqtga kelib, Toshkent sirtqi ta'lim fakulteti 300 dan ortiq
huquqshunos-yuristlarni tayyorlab chiqardi. Biroq u O'rta Osiyodagi barcha respublikalar ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali organlar tayyorlash muammosini to'liq hal eta olmas edi.
|

|

|
|
Tinglovchilarning birinchi qabuli (1967 y.) |
Toshkent Oliy maktabining birinchi boshlig'i
general-mayor T.A.Djalilov |
O'zbekiston Ministrlar Soveti (Vazir Kengashi)ning 1967 yil 23 oktyabr qarori bilan sirtqi ta'lim fakulteti asosida SSSR Jamoat tartibini saqlash vazirligining Toshkent oliy maktabi tashkil etildi. Unda ilmiy tadqiqot va tahririyat-noshirlik guruhi ochildi; harbiy va jismoniy tayyorgarlik joriy etildi. O'qishga birinchi tanlovda 85 nafar tinglovchi, jumladan, ularning yarmi militsiya ofitserlari qabul qilindi. 1968 yil sentyabr oyida Dushanbe va Ashxobod shaharlarida 2 ta o'quv-maslahat punkti tashkil etiladi. 1968 yil iyul oyida maktab tinglovchilari ilk bor harbiy qisimning O'rtasaroy qishlog'idagi harbiy dala lageriga chiqdilar. U yerda jangovar va jismoniy
tayyorgarlik normativlarini topshirdilar. 1972 yil boshida Krasnogorsk yaqinida maktabning harbiy dala o'quv markazi qurilishi uchun joy ajratildi.
|
70-yillar boshida Akademiyaning hozirgi majmui qurila boshladi. Bir necha yil mobaynida o'quv binolari, ikkita yotoqxona, oshxona, plats, klub, sport majmui, harbiy dala o'quv markazi qurib bitkazildi. |

|
| |
Yangi binolarning qurilishi (1973 y.) |
1971 yilda kunduzgi ta'lim tinglovchilarining birinchi bitiruvi bo'ldi. Ularning soni ko'p emas – 32 nafar edi, ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash ehtiyoji esa doimiy ravishda o'sib bordi. Shu bois 1973 yilda maktabga tinglovchilar qabul qilish ikki baravar ko'paytirildi. Malaka oshirish kurslari fakultetga aylantirildi. Unda har yili ichki ishlar organlarining taxminan 200 nafar xodimi ta'lim oladi. 1980 yilda Dushanbe shahrida o'quv-maslahat punktlari asosida sirtqi ta'lim fakultetining bo'limi, malaka oshirish fakulteti qoshida esa dari (forsiy) tili tarjimonlarini tayyorlash bo'yicha maxsus kurs tashkil etiladi. Tegishli kafedra
ham
tashkil etildi. Bir yildan so'ng ushbu kurs fakultetga aylantirildi. 80-yillar o'rtalariga kelib maktabda kunduzgi ta'lim, sirtqi ta'lim, malaka oshirish fakultetlari, dari tili tarjimonlarini tayyorlash bo'yicha maxsus fakultet hamda yong'inga qarshi texnika va xavfsizlik muhandislari fakulteti faoliyat ko'rsata boshladi. Yong'inga qarshi texnika va xavfsizlik muhandislari fakulteti 1984 yilda maktab tarkibidan chiqariladi va uning asosida keyinchalik O'zbekiston IIV Yong'in xavfsizligi oliy texnika maktabi tashkil qilindi. 1988 yilda maxsus fakultet tugatildi. 1988 yil yanvar oyida sirtqi ta'lim fakultetining mehmonxonali yangi binosi foydalanishga topshirildi.
|

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri
general-polkovnik Z.A.Almatov Akademiyaning Jangovor Bayrog'ini topshirmoqda |
O'zbekiston mustaqillikka erishgach, sobiq Ittifoq Ichki ishlar vazirligiga qarashli Toshkent Oliy maktabi O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tasarrufiga o'tkazildi va o'quv yurtlarining tuzilishini takomillashtirish, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlari va bo'linmalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning kompleks tizimini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 2 sentyabrdagi qaroriga binoan O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va O'rta maxsus maktablari negizida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tashkil etildi. |
|
|
Akademiyaning asosiy vazifasi ichki ishlar organlarining oliy boshliqlar va boshliqlar tarkibini tayyorlash, huquq-tartibotni muhofaza qilish muammolarini tadqiq etish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash etib belgilandi. O'tgan qisqa davr mobaynida mazkur oliy dargohdagi barcha bino va inshootlar, o'quv xonalari, sport komplekslari, harbiy dala o'quv markazi, madaniyat saroyi, kutubxona, oshxona, yotoqxonalar qayta qurildi, keng miqyosli obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish ishlari olib borildi.
Dastlabki yillarda ta'lim mazmunini yangilashga doir vazifalar hal qilindi: o'quv jarayonini tashkil etish tubdan qayta ko'rib chiqildi, unga yangi fanlar kiritildi, namunaviy dasturlar ishlab chiqildi. Ular asosida yangi darsliklar, o'quv-metodik qo'llanmalar, ma'ruzalar kurslari chop etildi, o'quv jarayonini tashkil etishning normativ-huquqiy bazasi yaratildi. 1995–1997 yillarga kelib o'quv jarayoni yanada takomillashtirildi. Tahririyat-noshirlik faoliyati jonlandi, tinglovchilarni davlat tilida yozilgan darslik va o'quv qo'llanmalari bilan ta'minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
1998 yildan boshlab Akademiyada olib borilayotgan ta'lim-tarbiya ishlari 1997 yilda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining “Ta'lim to'g'risida”gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida tubdan isloh qilindi.
Ilmiy tadqiqot ishlari kengaytirildi hamda ichki ishlar organlarida qonuniylikni, huquq-tartibotni mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurash, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil qilish va o'tkazishga qaratildi.
Doktorantura va ad'yunktura faoliyati jadallashdi, o'zbek huquqshunos olimlarining yangi avlodi shakllandi. Ta'lim muassasasi tarkibida ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlar tayyorlash fakulteti negizida Oliy akademik kurs tashkil etildi. Bu yerda ichki ishlar organlari tizimining boshqaruv kadrlari tayyorlanmoqda.
Zamon talablari va vazifalaridan kelib chiqqan va xorijiy mamlakatlarning politsiya mahkamalari tajribalarini hisobga olgan holda ichki ishlar organlari ofitserlarining malakasini oshirish fakulteti ishida yangicha yondashuv qaror topdi. Hozir bu yerda har yili ichki ishlar organlarining yuzlab xodimlari o'z malakalarini oshiradilar va qayta tayyorlanadilar.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 19 iyuldagi Farmoni va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 23 sentyabrdagi qaroriga asosan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tuzilmasida Serjantlar tarkibini tayyorlash bo'yicha oliy kurslar tashkil etildi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad ichki ishlar idoralari birlamchi bo'linmalarining mohirona boshqaruvini ta'minlash, murakkab vaziyatlarga qisqa fursatlarda moslashib, keskin vaziyatlarda to'g'ri qarorlar chiqara oladigan yuksak jangovar, axloqiy-ma'naviy, ruhiy fazilatlarga ega bo'lgan serjant xodimlarni tayyorlashdan iborat. Hozirgi kunda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida tinglovchilar va kursantlarni
o'qitish jarayonida jinoyatchilikka qarshi kurash amaliyoti bilan o'zaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e'tibor berilmoqda. Shu maqsadda tinglovchilar va kursantlar respublikamiz ichki ishlar organlarining turli xizmat va bo'linmalarida amaliyot o'taydilar, ixtisoslashgan kafedralarga esa amaliyotda ishlab tajriba orttirgan xodimlar jalb etilmoqda. IIV Akademiyasining jamoasi bugungi kunda yangi ilg'or pedagogik texnologiyalar, zamonaviy kompyuterlar, o'quv-metodik komplekslar asosida xalqimiz huquq va manfaatlarini hushyor turib himoya qiladigan, sof vijdonli, halol va pok, kerak bo'lsa Vatan uchun jonini ham fido qiladigan haqiqiy o'g'il-qizlarni o'qitib, tarbiyalashdek yuksak
mas'uliyatli vazifani bajarishda peshqadamlik qilmoqda.
|