|
 |
Xitoy Xalq
Respublikasi delegatsiyasining do‘stona tashrifi |
 |
Akademiya jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlikning
muhimligini tushungan holda chet davlatlar politsiya tashkilotlari
vakillari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish
borasidagi faoliyatini doimiy ravishda rivojlantirib kelmoqda. Bunday
hamkorlik huquqni muhofaza qilish tuzilmalari bo‘lajak xodimlarining
kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish borasida turli mamlakatlardagi
hamkasblar o‘rtasida tajriba almashishning muhim vositasi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi
vazirligidagi hamkasblarimiz bilan hamkorligimiz faol rivojlanmoqda.
2011 yil 1 noyabr kuni IIV Akademiyasiga Xitoy Xalq Respublikasi
Jamoat xavfsizligi vazirining yordamchisi Terrorizmga qarshi kurash
departamentining boshlig'i Li Vey boshchiligidagi vakillar delegatsiyasi
tashrif buyurdi. Delegatsiya bilan birga O‘zbekistondagi XXR
elchixonasining vakillari – elchixona maslahatchisi Syuy Yunxay va
politsiya attashesi Li Sinkan tashrif buyurdilar.
Akademiya boshlig'i polkovnik Sh.T.Ikramov delegatsiya bilan uchrashuvda
hozirgi kunda keng tus olgan transmilliy jinoyatchilik, terrorizm,
odam savdosi, qurol-yarog' va narkotiklarni g'ayriqonuniy muomalaga
chiqarish, jinoiy daromadlarni legallashtirish kabi hodisalar dunyo
miqyosidagi xalqaro muammoga aylanmoqda va ularga qarshi kurashish
huquqni muhofaza qilish organlari, jumladan O‘zbekiston va Xitoydagi
tegishli idoralarning sa’y-harakatlarini birlashtirish va yaqin
hamkorlik qilishni talab etayotganligini ta’kidladi. Polkovnik
Sh.T.Ikramov shu yilning may oyida Xitoyga ichki ishlar vaziri
general-leytenant B.A.Matlyubov boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi
IIV delegatsiyasi tashrifi bo‘lib o‘tganini ham ta’kidlab o‘tdi.
Vazirliklarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari qatorida
ichki ishlar idoralari kadrlari kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish
masalalari ko‘rib chiqildi. Xitoy Jamoat xavfsizligi xalq universiteti
hamda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi o‘rtasidagi
hamkorlik to‘g'risidagi Memorandumga imzo chekildi.
Uchrashuv davomida mehmonlar Akademiya faoliyatining asosiy
yo‘nalishlari, Akademiyaning tuzilishi, ta’lim jarayonining tashkil
qilinishi, ilmiy tadqiqot faoliyatining yo‘nalishlari bilan tanishdilar.
Delegatsiya vakillarini Akademiya o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy
axborot va telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalari
qiziqtirdi. Amaliy muzokaralar doirasida O‘zbekiston va Xitoyda
kadrlar kasbiy tayyorgarligini tashkil etishga oid masalalar ko‘rib
chiqildi.
Tashrif chog'ida mehmonlar Akademiyaning moddiy-texnik bazasi bilan
tanishdilar. Ular Innovatsion pedagogik texnologiyalar markazi, Test
markazi, Kriminalistik poligon, kutubxonada bo‘ldilar. Jismoniy
tayyorgarlik kafedrasidagi Akademiya sportchilarining namunali
chiqishlari mehmonlarda katta qiziqish uyg'otdi.
Tashrif samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi, delegatsiya a’zolari
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida malakali kadrlar tayyorlash
yuksak darajada tashkil etilganligini ta’kidladilar.
|