|
|
Ta’lim markazlarining ochilishi
|
2011 yil 22 noyabr kuni Akademiyada uchta yangi ta’lim markazi
ochildi. Bu voqea YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatori
bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "O‘zbekiston Respublikasi IIV
Akademiyasida huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash
tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish" loyihasini rivojlantirishning
navbatdagi bosqichiga yakun yasadi.
2007 yil may oyida imzolangan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari
Koordinatori hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi o‘rtasida
hamjihatlik va hamkorlik to‘g'risidagi memorandumga muvofiq, mana bir
necha yildirki, Yevropaning politsiya kadrlarini tayyorlash bo‘yicha
tajribasini o‘quv yurtimizning ta’lim jarayoniga joriy qilishga
qaratilgan katta dastur amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturni bajarish
doirasida Akademiyaning moddiy-texnika bazasini kuchaytirish va
takomillashtirishiga katta e’tibor berilmoqda.
Ushbu hamkorlik natijasida Akademiyada Innovatsion pedagogik
texnologiyalar markazi, Ta’lim televideniyesi markazi va o‘quv
teleko‘rsatuvlari tizimi yaratildi, Akademiya xodimlari tomonidan
tayyorlangan qator darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va ilmiy adabiyotlar
nashrdan chiqarildi. YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori
ko‘magida Akademiyaning YeXHTga kiruvchi davlatlar huquqni muhofaza
qilish organlarining ta’lim muassasalari bilan aloqalari kengaydi.
Ushbu loyiha rivojlanish va kengayishda davom etmoqda.
|
 |
 |
Bugun birdaniga uchta yangi ta’lim obyekti – tezkor qidiruv
huquqi kafedrasi qoshidagi Narkotrafik va odam savdosiga qarshi
harakat qilish bo‘yicha interfaol ta’lim markazi, kriminalistika
kafedrasi qoshidagi Kriminalistik ekspertizalar o‘tkazish markazi
hamda Akademiya bosh o‘quv binosi ma’ruza zallarining
axborot-kommunikatsiya tizimi ochildi. Ushbu obyektlarni yaratish
loyihasi Akademiyaning mavjud ehtiyojlardan kelib chiqqan holda
bergan taklifi bo‘yicha YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari
Koordinatori tomonidan moliyalashtirildi va amalga oshirildi.
Ochilish marosimida YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori
Elchi Ishtvan Vensel, Koordinator ofisining xodimlari, Akademiya
rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan Akademiya boshlig'i polkovnik Sh.T.Ikramov,
mazkur loyiha IIV Akademiyasi ta’lim jarayoniga o‘quv faoliyatini
ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy
qilishga yo‘naltirilganligini va uning pirovard maqsadi o‘quv
mashg'ulotlarining sifatini oshirish, ma’ruza zallari va o‘quv-metodik
xonalarni zamonaviy o‘quv-texnika vositalari bilan ta’minlash, ularni
Akademiyaning yaxlit axborot-ta’lim makoniga birlashtirish ekanligini
ta’kidlab o‘tdi. Akademiya boshlig'i bularning bari o‘quv jarayonini
jadallashtirish, tinglovchilarning bilim olishini kuchaytirish va, nihoyat,
bo‘lajak ichki ishlar xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish imkonini
berishiga ishonch bildirdi.
Loyiha doirasida ta’lim obyektlari eng zamonaviy texnika
vositalari – kompyuterlar, proyektorlar, skanerlar, printerlar va
boshqa asbob-uskunalar – bilan jihozlandi. Bu obyektlarning barchasida
kompyuter tarmoqlari yaratilib, Akademiya lokal tarmog'iga ulandi.
EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori Elchi Ishtvan
Vensel «O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida huquqni muhofaza
qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga
ko‘maklashish» loyihasining amalga oshirilishi Yevropada xavfsizlik va
hamkorlik tashkiloti jinoyatlarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi
kurashish, huquqiy tizimni takomillashtirish, xavfsizlik va
barqarorlikni ta’minlash, xalqaro aloqalarni mustahkamlash
maqsadlarida O‘zbekiston Hukumati bilan amalga oshirayotgan samarali va
amaliy aloqalarning misollaridan biridir.
Akademiya rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilar tarkibi vakillari
EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori xodimlariga
Akademiyamizning kasbiy tayyorgarlik tizimini takomillashtirishga qo‘shgan
hissalari uchun chuqur minnatdorchilik bildirdilar va ushbu
hamkorligimiz kelajakda ham shunday samarali rivojlanishiga ishonch
bildirdilar.
|