² O'zbekcha ² ¡çáåê÷à ² Ðóññêèé ² English ²      

 

 

 

 

 

Aloqa uchun ma’lumot:

Manzil:

100197, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent sh,  Intizor ko‘ch, 68.

Tel.:

265-22-52 (navbat.),

265-17-53 (faks),

265-13-55 (kotibiyat).

Ishonch telefonlari:

265-22-56

265-91-39

265-17-52

E-mail:

akadmvd@uzsci.net

 

 

 
Rambler's Top100
 

 

 

EXHT mintaqasi mamlakatlarning yuvenal adliyani tashkil qilish borasidagi tajribasi

 

Jinoyatchilikka qarshi kurashning hozirgi amaliyoti dunyodagi turli mamlakatlar milliy politsiya tizimlarining tashkil qilinishi va faoliyat ko‘rsatishi borasidagi xorijiy tajribani bilish hamda amaliy faoliyatda inobatga olish zarurligini nazarda tutadi. Mana bir necha yildirki, «O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish» loyihasi doirasida YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori bilan hamkorlikda Yevropaning politsiyachi kadrlar tayyorlash borasidagi tajribasini Akademiya ta’lim jarayoniga joriy etish (implementatsiya qilish) borasida katta dastur amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda Akademiya Yevropa mamlakatlarining qator ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qilish organlari bilan barqaror aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Bunda Irlandiya Milliy politsiyasi bilan o‘rnatilgan sherikchilik munosabatlari ayniqsa samarali rivojlanmoqda, ularning vakillari Akademiyaga tez-tez tashrif buyurib turadilar.

2011 yil 22–24 noyabr kunlari «EXHT mintaqasi mamlakatlarining yuvenal adliyani tashkil qilish borasidagi tajribasi» mavzuida Akademiyada bo‘lib o‘tgan seminar-trening mazkur loyihani amalga oshirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Uni Irlandiya Respublikasidan politsiya faoliyati sohasidagi xalqaro ekspertlar – Irlandiya Milliy politsiyasi Bolalar va yoshlar ishlari bo‘yicha boshqarmasining xodimlari Endi T’yut va Viven Negl o‘tkazdilar.

Seminar-treningni ochish marosimida IIV Akademiyasining boshlig'i polkovnik Sh.T.Ikramov so‘zga chiqib, seminar mavzui bejiz tanlanmaganligini ta’kidladi. Voyaga yetmaganlar huquqlarini ta’minlash hozirgi zamonda global muammolardan bo‘lib, uning hal qilinishidan butun dunyo ahli manfaatdordir. Voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish masalasi jamiyatimiz va davlatimizning diqqat markazidadir. Profilaktika faoliyati voyaga etmaganlar jinoyatchiligining sabablarini bartaraf etish uchun ijtimoiy munosabatlarini tartibga solish vositalaridandir. O‘zbekiston uchun bu ayniqsa muhim, chunki voyaga yetmaganlar mamlakat aholisining 37 % ini tashkil qiladi. Shunday ekan, voyaga etmaganlarga nisbatan profilaktika faoliyatini tashkil qilish Evropada to‘plangan tajriba va uni mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlarining faoliyatiga joriy etish imkoniyati bizda katta qiziqish uyg'otishi tabiiy.

EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori Elchi Ishtvan Vensel trening ishtirokchilariga voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi huquqni qo‘llash siyosatiga doir tasavvurlarini kengaytirish, YeXHT mintaqasidagi mamlakatlarning yuvenal adliya tizimi va ish tajribasini o‘rganish, ularning voyaga yetmaganlar nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining oldini olish ishlarini huquqiy jihatdan tartibga solish sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirishlarida yordam berishini ta’kidladi.

Seminar ishida O‘zbekiston IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilar tarkibining vakillari, Toshkent shahar IIBB, Toshkent viloyat IIB, respublika IIV profilaktika xizmatlarining amaliyotchi xodimlari ishtirok etdilar.

Irlandiyalik ekspertlar mashg'ulotlar davomida seminar ishtirokchilarini YeXHTga a’zo mamlakatlarda yuvenal adliyaning tizimi va tashkil qilinish tajribasi bilan tanishtirdilar. Seminarda yuvenal adliyaning maqsad va vazifalari, ish prinsiplari, uning asosini tashkil etuvchi ijtimoiy nazorat masalalari, subyektlari va obyektlari ko‘rib chiqildi.

Hozir dunyoda yuzaga kelgan voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi bilan bog'liq murakkab vaziyat, shuningdek turli mamlakatlarda yuvenal adliyaning faoliyati natijasida to‘plangan ko‘p yillik tajriba odil sudlovning ushbu tarmog'i variantlarini birxillashtirish va ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan maxsus xalqaro prinsip va standartlarni yuza keltirdi. Seminar-trening davomida ekspertlar yuvenal adliyaning xalqaro-huquqiy asoslarini, ya’ni bolalar huquqlari to‘g'risidagi xalqaro konvensiya va deklaratsiyalarni, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Voyaga yetmaganlarga nisbatan odil sudlovni amalga oshirishga doir minimal standart qoidalari (Pekin qoidalari)ni, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Voyaga etmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha rahbariy prinsiplari (Ar-Riyod rahbariy prinsiplari)ni batafsil ko‘rib chiqdilar. Bunda yuvenal adliya sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

E.T’yut va V.Negl YeXHT mintaqasidagi mamlakatlar yuvenal adliyasining amaldagi modellarini, yuvenal adliyaning normativ-huquqiy tartibga solinishini, milliy qonunchilik xususiyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Yuvenal adliya tizimini tashkil qilish borasidagi «Irlandiya tajribasi», ushbu mamlakatda voyaga yetmaganlar huquq va erkinliklarini tartibga solish va himoya qilishga doir huquqiy baza seminar-trening ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi. Ekspertlar voyaga yetmaganlar nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining oldini olish bilan shug'ullanadigan organlar, ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj voyaga etmaganlar uchun mo‘ljallangan ixtisoslashgan muassasalar faoliyatining tashkil etilish tizimiga batafsil to‘xtaldilar. Irlandiya politsiya organlarining yuvenal adliya tizimidagi roli va o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, seminar-trening ishtirokchilari voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklarining oldini olish bo‘yicha profilaktik faoliyatning turli yo‘nalishlarini, huquqni muhofaza qilish organlarining voyaga etmaganlar huquqbuzarliklarining oldini olish, ularni fosh etish, tergov qilish, shuningdek ularga oid ishlarni sud tartibida ko‘rib chiqish xususiyatlari bilan tanishdilar. Huquqni muhofaza qilish organlarining yuvenal adliya ishlarini amalga oshirishda davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorligi masalalari yoritildi.

Seminar-trening davomida uning ishtirokchilari yuvenal adliya sohasidagi mutaxassislarni kasbga tayyorlash tajribasi bilan tanishdilar. Politsiya xodimlarining yuvenal adliya ishlarini amalga oshirish borasidagi ta’lim dasturlari va mazmuni, o‘quv mashg'ulotlarining shakl va usullari ko‘rib chiqildi.

Seminar-trening mobaynida huquqni muhofaza qilish organlari profilaktik faoliyatining turli jihatlari yuzasidan keng fikr almashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston ichki ishlar idoralaridagi profilaktika xizmatlarining voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklarining oldini olish borasidagi tajribasi irlandiyalik hamkasblarda katta qiziqish uyg'otdi.

Akademiya boshlig'i polkovnik Sh.T. Ikramov seminar-treningga yakun yasar ekan, Yevropa politsiyasining faoliyat tajribasi bilan tanishish imkonini yaratganliklari uchun YeXHT loyihalarining Koordinatori va irlandiyalik ekspertlarga samimiy minnatdorchilik bildirdi. U bunday tadbirlar turli mamlakatlarda yashovchi hamkasblar uchun huquqni muhofaza qilish tuzilmalari xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish sohasida tajriba almashishning muhim vositasi ekanligini hamda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va IIV Akademiyasi bundan buyon ham ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini kengaytirib borishini ta’kidladi.

Tadbir so‘ngida seminar-trening ishtirokchilariga tegishli sertifikatlar topshirildi.

 

   
 

    © O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2011