|
|
Vatanga sadoqat qasamyodi
|
2011 yil 4 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV
Akademiyasining o‘quv poligonida Serjantlar tarkibini tayyorlash bo‘yicha
oliy kurslar kursantlarining qasamyod qilish tantanasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik
A.Sh. Mirzayev, vazirlik sohaviy xizmatlari va Akademiya rahbariyati
hamda tantanali marosimga taklif etilgan mehmonlar minbarga
ko‘tarildilar. Oliy kurslar boshlig'i polkovnik S.K.Tangirberdiyev
kursantlar xizmat qasamyodini qabul qilishga tayyor ekanliklari
to‘g'risida axborot berdi.
Akademiya boshlig'i polkovnik Sh.T.Ikramov tadbirni ochar ekan,
kursantlar ta’lim muassasasida chuqur bilim olib, mutaxassislik
sir-asrorlarini puxta o‘rganishlari uchun barcha shart-sharoitlar
yaratilgani, keng va yorug' auditoriyalar, ma’ruza zallari, zarur
texnika vositalari ular ixtiyorida ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng kursantlar Vatani, Xalqi va Prezidentiga sodiq
bo‘lishga qasamyod qildilar.
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik A.Sh. Mirzayev
kursantlarni ushbu shodiyona bilan tabriklar ekan, quyidagilarni
ta’kidladi: «Bugun siz, aziz kursantlar uchun hayotingizdagi eng
unutilmas, hayajonli kundir, chunki ona Vatan oldidagi muqaddas
burchingizni a’lo darajada bajarishga qasamyod qildingiz. El-yurt
tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek mas’uliyatli va sharafli
kasbni tanlagan ekansiz, bunda sizlardan, avvalo metin iroda va
yuksak kasb mahorati talab etiladi. Shunday ekan, ushbu bilim
maskanida faqat a’lo baholarga o‘qib, Ichki ishlar vazirligi
tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlashingiz va kelgusida
xizmat vazifangizni bajarishda bor kuch-g'ayratingizni safarbar
etishingizga ishonaman».
Tadbirda kursantlarning ota-onalari nomidan Bo‘riboyeva O‘lmasoy
Ibroximovna, Akademiya professor-o‘qituvchilari nomidan Oliy kurslar
yuridik fanlar sikli boshlig'i vazifasini vaqtincha bajaruvchi mayor
Berdiyarov Shuhrat Namazbayevich, kursantlar nomidan Yuldashev Alijon
Abdusalomovich so‘zga chiqdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Ashula va
raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo‘shiqlar
tadbirga xush kayfiyat bag'ishladi.
|