|
|
Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlanishini ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning
o‘rni va ahamiyati
|
2011 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida
iqtisodiy fanlar kafedrasi tashabbusi bilan “Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlanishini ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning
o‘rni va ahamiyati” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida Akademiya professor-o‘qituvchilari, jamoat
xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi dolzarb
masalalar loyihasi xodimlari hamda kunduzgi ta’lim 3 va 4-o‘quv
kurslari tinglovchilari ishtirok etdilar. Davra suhbatini iqtisodiy
fanlar kafedrasi boshlig'i dotsent Sh.M.Rustamov kirish so‘zi bilan ochdi.
Tadbir ishtirokchilari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik
subyektlari o‘rtasida iqtisodiy va huquqiy munosabatlarni
takomillashtirish zarurligini qayd etdilar, ushbu munosabatlarni
rivojlantirishga oid dolzarb muammolarni tahlil qildilar,
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash va
iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashda kichik biznes va xususiy
tadbirkorlikning ahamiyati va o‘rnini ta’kidlab o‘tdilar.
Akademiya tinglovchilari o‘z chiqishlarida mamlakatimizda
tadbirkorlikni rivojlantirish, o‘rta mulkdorlar sinfini shakllantirish,
ichki bozorni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish,
yangi ish o‘rinlari yaratish va shu asosda aholi daromadlarini ko‘paytirish
hamda farovonligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar mavjudligini
ta’kidladilar.
Tadbir ishtirokchilari o‘rtasida samarali fikr almashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbati yakunida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni
rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar
tomonidan tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish
borasida olib borilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish,
shuningdek bu sohada yuritilayotgan davlat siyosatining mohiyati va
ahamiyatini yoshlarga tushuntirish yuzasidan muhim taklif va tavsiyalar
ishlab chiqildi va ularni o‘quv jarayoniga joriy etish tavsiya etildi.
|