|
Nazariy bilimlardan amaliyotga |
O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi ichki ishlar idoralari tizimlariga
malakali mutaxassis-kadrlar yetishtirib beruvchi nufuzli ilm dargohlaridan
biridir. Bitiruvchilarning o'z tanlagan sohalari bo'yicha haqiqiy bilimdonlar
bo'lishi uchun o'quv dargohida barcha shart-sharoitlar yaratilgan. O'kuv yillari
mobaynida olgan bilimlari, o'zlashtirgan ko'nikmalari, amaliyotda ularni ko'llay
bilish mahoratini davlat imtihonlaridan oldin yana bir bor sinab, imtihon qilish
maqsadida mana bir necha yildirki, Akademiyada «Final» tadbirini o'tkazish
an'anaga aylangan.
Tadbir har bir yo'nalish bo'yicha maxsus tayyorlangan rejaga asosan o'tkaziladi.
Belgilangan o'quv kompleks mashqlarini sifatli va amaliyotga bog'lagan holda
o'tkazish, samaradorligini ta'minlash maqsadida maslahatchi sifatida ichki
ishlar idoralarining tajribali amaliyotchi xodimlari jalb qilindi. Shuningdek,
albatta, topshiriklarni olgan kursantlar ixtiyoriga zarur ilmiy adabiyotlar va
qo'llanmalar, hujjatlar namunalari, turli yig'majildlar maketlari, texnik va
boshqa vositalar havola etilgan.
Topshiriqlarda «Jinoyatlarning oldini olish faoliyati» mutaxassisligi bo'yicha
bitiruvchilarning qiyin, favqulodda vaziyatlarda fikrlash qobiliyatlarini
rivojlantirish, tezkor va to'g'ri qaror qabul qilish sifatlarini shakllantirish,
ayniqsa, voyaga yetmagan shaxslar bilan muloqotga kirisha bilish, maishiy
turmush sohasidagi turli nizolar oqibatlarining oldini olish, o'z vaqtida,
adolatli hal qilish, muqaddam sudlangan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam
ko'rsatish masalalarini ijobiy hal etish, fuqarolarning ariza-shikoyatlarini
ko'rib chiqish kabi masalalar borasidagi bilimlari sinalsa,
«Ekspert-kriminalistik faoliyat» yo'nalishidagi bitiruvchilar ekspertiza
xulosalarini mustaqil ravishda to'liq va sifatli tayyorlash, tergov harakatlari
va operativ-qidiruv tadbirlarida texnik-kriminalistik vositalarni qo'llash
bo'yicha ma'lum amaliy ko'nikmalarni, eskpert-kriminalistik tadqiqotlarni
o'tkazishda qonunchilik hamda normativ aktlarga amal qilish mahorati sinab
ko'riladi. «Tergov faoliyati» mutaxassisligi bo'yicha o'tkazilayotgan
mashg'ulotlarda jinoyat ishini qo'zg'atish, ushlab turish, voqea sodir bo'lgan
joyni ko'zdan kechirish, so'roq qilish kabi ish jarayonlari bo'yicha bilimlar
sinaladi. Tadbir davomida esa har bir bitiruvchi tomonidan o'rta hisobda yuzga
yaqin protsessual hujjatlar tuziladi. Har bir topshiriq imitatsiyalar orqali
amalga oshiriladi. Masalan, ommaviy tadbirlar o'tkazish chog'ida tinchlik va
osoyishtalik, jamoat tartibini saqlash kabilar voqelikka yaqin tarzda
bajarilishi ta'minlandi. - Bitiruvchilar topshirilgan vazifalarning ijrosi
bo'yicha kun davomida hisobot berishi talab etiladi. Bajarilgan ishlar hay'at
a'zolari tomonidan baholanadi. Tadbir so'nggida esa bitiruvchining umumiy
bahosiga qarab xulosa chiqariladi, yuqori natijalarga erishgan bo'lg'usi
xodimlar Akademiya rahbariyati tomonidan qimmatbaho sovg'alar, kitoblar, ilmiy
adabiyotlar, ish hujjatlari yig'masi. Faxriy yorliqlar, pul mukofotlari hamda
tashakkurnomalar bilan rag'batlantiriladi, - deydi IIV Akademiyasi kafedra
boshlig'i, polkovnik D.Muhamadaliyev. - Yetarli reyting baholarini to'play
olmagan bitiruvchilarga esa murabbiylar biriktirilib, ko'shimcha darslar,
mashg'ulotlar o'tiladi. Mazkur jarayon har bir tinglovchining bitiruv
imtihonlari oldidan bilimi va mahoratini sinab ko'rish imkoniyatini yaratadi.
- O'tkazilayotgan tadbir egallagan bilimlarimizni yana bir namoyon etib, hademay
boshlanadigan amaliyot jarayoniga ijobiy ta'sir ko'rsatadi, - deydi 4-kurs
tinglovchisi O.Haydarov. - Har bir topshiriqlarni bevosita tajribali xodimlar
nazorati ostida mustaqil ravishda boshlar ekanmiz, albatta, hayajon bosadi. Ammo
ularning dalda va ko'maklari, maslahatlari tufayli ishga kirishib ketganingizni
payqamay qolarkansiz. Aytish mumkinki, mustaqil xizmatga kirishishimizda bu
tadbirning o'tkazilishi ayni muddaodir.
«Final - 2010» tadbiri qatnashchilaridan Z.Mavlonov, A.Akbarov, D.Mirzayeva kabi
tinglovchilar o'z tanlagan mutaxassisliklari bo'yicha yuqori reyting baholarini
to'plab, bilim dargohi rahbariyatining Faxriy yorliqlari, qimmatbaho sovg'alari
bilan taqdirlanishdi.
Muhabbat Minavvarova
"Postda" gazetasi, 2010 yil 13 mart, ¹ 11 (3852)
|