|
|
Oq yo‘l sizga, serjantlar!
|
Mamlakatimizda ichki ishlar idoralari tizimining tubdan takomillashtirilgani,
sohani malakali kadrlar bilan to‘ldirishga qaratilayotgan e’tibor samarasida
yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yanada mustahkamlanmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Ichki
ishlar vazirligining akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursi ham
ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir. Mazkur kursni bitirgan yuzlab
serjantlar bugun ichki ishlar idoralarida jazoni ijro etish, yong‘in xavfsizligi,
yo‘l-patrul, patrul-post xizmati, xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni
rasmiylashtirish, qo‘riqlash va boshqa xizmatlarda samarali faoliyat
ko‘rsatmoqda.
Bu yerdagi zamonaviy kompyuter va lingafon, jangovar-taktik mashg‘ulotlarni
o‘rgatish, sport mashqlari olib borish xonalari kursantlar ixtiyorida.
O‘qitishning samarali usullari, multimedia va zamonaviy axborot
texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining akademiyasi Serjantlar tarkibini
tayyorlash oliy kursining navbatdagi bitiruvchilariga diplom topshirish
marosimida bu alohida qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, general-leytenant B.Matlyubov,
akademiya boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, polkovnik T.Saidboyev, Oliy kurs
boshlig‘i, polkovnik S.Tangirberdiyev, bitiruvchilarning ota-onalari nomidan
so‘zga chiqqan M.Akbarova va boshqalar davlatimiz rahbari rahnamoligida
yurtimizda huquq-tartibotni mustahkamlashning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan ichki
ishlar idoralari tizimini isloh qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga
oshirilayotgani o‘z samaralarini berayotganini ta’kidladi. Bugun ichki ishlar
xodimlarining ma’naviy barkamol, jismoniy baquvvat, o‘z kasbining yetuk ustasi
bo‘lib yetishishi uchun barcha sharoit yaratilgani buning dalilidir.
– Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash har bir fuqaroning muqaddas
burchidir, – deydi bitiruvchi Shohsanam Mahkamboyeva. – Bu sharafli burchni kasb
sifatida tanlagan biz, yoshlarga mazkur jarayonda yanada ulkan mas’uliyat
yuklanadi. Men buni doimo qalban his etib, elu yurtimizga sadoqat bilan xizmat
qilaman.
N.Abduraimova
O‘zA, 30.03.2011
|