O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi ichki ishlar organlari uchun yuqori kasb mahoratiga ega bo'lgan mutaxassislarni tayyorlash,
qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug'ullanadigan, jinoyatlarning oldini olish, ularni ochish va tergov qilish, jamiyat xavfsizligi va mamlakatda huquqiy tartibni ta'minlash vazifalarini samarali bajarishga qodir bo'lgan oliy ixtisoslashgan ta'lim muassasasi.
Akademiya vazifalari
Akademiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Ichki ishlar organlari uchun profilaktik, operativ, jinoyat protsessual, ekspert hamda jinoyatchilikka qarshi kurash bo'yicha boshqa tadbirlarni, shuningdek jamoat tartibini saqlash, jinoyatlarning oldini olish, ularni ochish va tergov qilish, jinoyatchilarni qidirib topish, aholining xavfsizligini ta'minlash borasidagi boshqa tadbirlarni mustaqil ravishda o'tkaza oladigan yuksak malakali mutaxassis-ofitserlarni tayyorlash;
Ichki ishlar organlari uchun mutaxassis va komandir xislatlari va malakasini birlashtirgan, jamoat xavfsizligini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika bo'yicha choralarning samarali amalga oshirilishini ta'minlay oladigan serjantlar tarkibini tayyorlash;
Ta'lim olayotganlarida yuksak darajadagi vatanparvarlik, Vatanga va mustaqillik g'oyalariga sadoqatni tarbiyalash, ularda rahbarlik (yetakchilik) xislatlarini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, mamlakatda jamoat xavfsizligini ta'minlash vazifalarini vijdonan bajarishga imkon beruvchi jamoani boshqarish, unda sog'lom axloqiy muhit yaratish ko'nikmalari va mahoratini hosil qilish;
Ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibining IIV xodimlarining uzluksiz ta'lim tizimida samarali qayta tayyorgarlikdan o'tishini va malakasini oshirishini ta'minlash;
Ilmiy-pedagogik kadrlarning kasb mahorati va metodik darajasini oshirish; jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashning dolzarb muammolarini ishlab chiqishga qaratilgan samarali ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil qilish; mintaqadagi kriminogen sharoitni, mamlakatdagi ijtimoiy xavfsizlikka tahdidlarni chuqur tahlil qilish asosida o'quv, maxsus va metodik adabiyotni sifatli tayyorlash; ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi, fuqarolar va aholining ijtimoiy tuzilmalari o'rtasida huquqiy va ilmiy bilimlarni targ'ib qilish;
O'quv jarayoniga ilg'or informatsion va pedagogik texnologiyalarni, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlashning ilg'or tajribasini joriy etish, Akademiyaning moddiy-texnikaviy bazasini zamonaviy talablar va standartlarga muvofiq mustahkamlash va takomillashtirish.
Akademiyaning asosiy funksiyalari:
Akademiyaga kelgan nomzodlarni test sinovidan o'tkazish va jismoniy tayyorgarligining tekshirilishini tashkil qilish;
Akademiyaga kirish uchun nomzodlarning hujjatlarini ko'rib chiqish, tinglovchilar va kursantlarni o'quv bo'linmalariga taqsimlash;
O'quv jarayonini va metodik ishlarni tashkil qilish to'g'risidagi yo'riqnomaga muvofiq hamda ichki ishlar organlari faoliyatidagi operativ-kriminogen sharoitni iloji boricha aniq aks ettiradigan sharoitlarda o'quv jarayonini tashkil qilish;
Tinglovchilar va kursantlarning yuksak kasb mahoratini, o'z vazifalarini favqulodda sharoitlarda bajarishlarini ta'minlovchi ularning jismoniy, jangovar, maxsus, psixologik tayyorgarligini amalga oshirish;
Tinglovchilar va kursantlarning o'zlashtirishi va tayyorgarlik sifatini nazorat qilish, yakuniy sinovlar o'tkazish;
Tinglovchilarda va kursantlarda vatanparvarlik va Vatanga sadoqat, halollik, qonunga va shaxsga hurmat, yuksak intizom, har qanday sharoitda qonunga muvofiq konstitutsiyaviy tuzumni, fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga tayyorlik hissini shakllantirishga qaratilgan tarbiyaviy ishlarni tashkil qilish va o'tkazish;
Akademiya, uning tarkibiy bo'linmalari faoliyatiga doir asosiy masalalarni ko'rib chiqish va boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishga mo'ljallangan kengashlarni tashkil qilish va ularning faoliyatini uyushtirish;
O'quv jarayonini samarali amalga oshirishni, o'xshash fanlarning muvofiqlashtirilishini ta'minlovchi kafedra komissiyalarining ishini tashkil qilish;
Respublika ichki ishlar organlarining faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil qilish;
Tinglovchilarning ixtisoslashuviga asoslangan o'quv dasturlari va rejalarini ishlab chiqish hamda ularni O'zbekiston Respublikasi IIVga tasdiqlash uchun taqdim etish;
Kursantlarning amaliy mashg'ulotlarini va stajirovkalarini samarali o'tkazish maqsadida ichki ishlar organlari va bo'linmalari bilan yaqin hamkorlik qilish;
Akademiyaning o'quv moddiy-texnik bazasi va ta'lim usullarini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
Jamiyat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi xalqaro tajribani, huquqni muhofaza qiluvchi xizmatlar xodimlarini o'qitishning ilg'or xorijiy usullarini o'rganish hamda ularni Respublika ichki ishlar organlari faoliyatining xususiyatlarini inobatga olgan holda o'quv jarayoniga joriy etish.