Poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida el-yurt tinchligi uchun jonini fido qilganlar xotirasini yod etish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbariyati, soha faxriylari, marhum xodimlarning oila a’zolari, ofitser va kursantlar ishtirokida o‘tgan tadbir “Millat fidoyilari” monumenti poyiga gulchambar qo‘yish bilan boshlandi.
Tadbirda so‘z olganlar yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida aziz jonini fido qilgan ichki ishlar organi xodimlarining umr yo‘lini chuqur ehtirom bilan yodga oldilar. Bugungi osuda kunlar zamirida millat fidoyilarining ulkan matonati va qahramonligi borligi, ular ko‘rsatgan mardlik va jasorat yosh avlod vakillari uchun hamisha ibrat bo‘lishi zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
– Tadbirning ushbu tabarruk maskanda o‘tkazilishida ramziy ma’no bor. Jasur zamondoshlarimizning hayot yo‘lini targ‘ib qilish orqali kursantlarimiz ongu tafakkuriga ona Vatanni sevish, xalq manfaatlariga xizmat qilish, qasamyodga sodiq bo‘lish muqaddas burch ekanini anglatish asosiy maqsadimizdir. Zero, yoshlarni yuksak daxldorlik hissi bilan yashayodigan mard, vatanparvar va fidoyi kadrlar etib tarbiyalash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, – deydi akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Bobur Dadajonov.
Uchrashuv davomida badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan yurtga muhabbat va sadoqat, tinchlik, shukronalikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar ijro qilinib, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Kursantlar “G‘alaba bog‘i” majmuasidagi diqqatga sazovor joylar bilan tanishib, ma’naviy hordiq oldilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati