Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Poytaxt ko‘chalarida xavfsiz muhit qanday ta’minlanmoqda?

18 Sentyabr 2026, 21:54

41

Poytaxtimizda aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish, xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi aholi guvjum joylarda bo‘ldi.

Tungi o‘rganishlar davomida “Elobod”, “Podshobog‘” va “Oqibat” mahallalarida jamoat tartibini saqlash, hududlarni qo‘riqlash, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar, ayniqsa bezorilik jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, amaliyotga tatbiq qilingan raqamli yondashuvlar tahlil qilindi.

Akademiya boshlig‘i dam olish maskanlari, saylgohlar, ovqatlanish va savdo majmualarida bo‘lib, tarbirkorlik subyektlari vakillari bilan muloqot qildi. Profilaktika inspektorlari, patrul-post va qo‘riqlash xizmati xodimlari faoliyatini o‘rganib, jamoat joylarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish, “102” tizimiga tushgan murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish, poytaxt ahli va mehmonlarining osoyishta hayotini ta’minlash yuzasidan topshiriq berdi.

Aytish joizki, “Buyuk ipak yo‘li” metro bekati yaqinida huquq-tartibot maskani tashkil etilgan bo‘lib, maskanga hududdagi barcha videokameralar integratsiya qilingan. Kriminogen vaziyatning kunu tun nazorat qilinayotgani shubhali holatlarni o‘z vaqtida aniqlash, huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish va jinoyatlarni fosh etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Qo‘riqlash departementi ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerga kelgan fuqarolar xavfsizlik qurilmalarining texnik xususiyatlari, zamonaviy imkoniyatlari, ulardan foydalanish samaralari haqida zarur ma’lumotlar olishi mumkin. Akademiya boshlig‘i mazkur tajribani keng targ‘ib qilish orqali fuqarolarning ogohligini oshirish, texnik qo‘riqlov xavfsizlikning ishonchli kafolati ekanligini har bir yurtdoshimizga tushuntirish zarurligini qayd etdi.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida kriminogen vaziyat bilan bog‘liq umumiy holat yuzasidan yig‘ilish ham o‘tkazildi. Mutasaddi rahbarlar, mas’ullar va akademiya vakillari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ichki ishlar vazirining joriy yil 8 sentabrdagi farmoyishida belgilab berilgan dolzarb vazifalarning ijrosi muhokama qilindi.

Mas’ullarga kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi bilan manzilli ishlashni yanada takomillashtirish, jinoyatchilikning sabab va sharoitlarini kunlik tahlil qilib borish, muammolarning yechimlari bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, hududlarga mos tajribalarni yaratib amaliyotga joriy qilish borasida ustuvor vazifalar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech