21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya shu mavzuga bag‘ishlandi.
Tilshunos olimlar, mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, talaba va kursant yoshlar ishtirokida o‘tgan anjumanda ona tilimiz nufuzini yanada yuksaltirish, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, davlat va jamiyat hayotida adabiy til me’yorlariga rioya qilish, milliy madaniy merosimizni asrash va kelgusi avlodlarga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, o‘zbek tili milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylikdir. Keyingi yillarda ona tilimizning qadrini ulug‘lash, jahon miqyosidagi nufuzini oshirish, davlat tili sifatida mavqeini mustahkamlash yo‘lida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Muhtaram Prezidentimizning farmoni asosida mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni belgilanib, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi.
Konferensiyada yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, olimlar so‘zga chiqdi. “O‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishning zamonaviy metodlari va raqamli texnologiyalar”, “Nutq madaniyati sohaviy kommunikatsiyaning sifat ko‘rsatkichi sifatida”, “O‘zbek xalq maqollarining badiiy diskursdagi ko‘pma’noliligi va ularni lug‘atlarga kiritish muammosi”, “Davlat tilining nufuzini oshirishda zamonaviy axborot texnologiyalarining o‘rni” va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
O‘zbek tilini o‘qitishning innovatsion yondashuvlarini ommalashtirish, davlat idoralarida ona tili me’yorlariga rioya qilish va ish yuritishni yanada takomillashtirish, o‘zbek tilining raqamli imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlarning nutq madaniyatini yuksaltirish, tilshunoslik faoliyatini rivojlantirish borasida dolzarb taklif hamda mulohazalar bildirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati