Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Aholi muammolarini o‘rganish kriminogen vaziyatning muhim omili

11 Fevral 2026, 22:19

49

IIV akademiyasi boshlig‘i poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Ahillik” mahallasida bo‘lib, xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.

Dastlab mahallaning kriminogen vaziyati hududga biriktirilgan mas’ullar, “mahalla yettiligi” xodimlari va akademiya vakillari ishtirokida muhokama qilindi.

Jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilganiga qaramay, mahalla uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgani, joriy yilda bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yaxshilash, aholi uchun jinoyatdan xoli muhit yaratish ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i joriy yil boshidan shu kunga qadar qilingan amaliy chora-tadbirlar bilan tanishdi. Qayd etilishicha, o‘rganishlar natijasida mahalla hududida 3 ta “jinoyat o‘chog‘i”, 7 ta huquqbuzarlik sodir etilish xavfi yuqori bo‘lgan ovloq joy aniqlangan. Xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida hududlarga 20 ga yaqin zamonaviy kamera, 3 ta tashvish tugmasi o‘rnatilgan.

Ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish eshigiga 15 ta domofon qo‘yilib, ko‘cha va yo‘laklar qo‘shimcha yorituvchi chiroqlar bilan ta’minlangan. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida 3 ta qo‘shimcha patrullik yo‘nalishlari tashkil qilinib, jamoat xavfsizligini ta’minlash va profilaktik tadbirlarga akademiya kursantlari ham jalb qilingan.

Muloqot chog‘ida oila-turmush doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning oldini olish borasida ko‘rilayotgan choralar, ijtimoiy profilaktika va bandlik masalalari ham muhokama qilindi. Mahalladagi muammolarni ilmiy yondashuvlar asosida tizimli o‘rganib borish orqali har bir masalaning yechimiga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, choraklik “yo‘l xarita” orqali ularning ijrosini ta’minlash, jinoyatchilikni keskin kamaytirish zarurligi qayd etildi.

O‘rganishlar yakunida Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash to‘g‘risidagi qarori asosida qator vazifalar belgilab olindi. “Mahalla yettiligi”ning mas’uliyatini oshirish, faoliyatini yanada kuchaytirish, aholi o‘rtasida profilaktik va targ‘ibot tardbirlarini muntazam tashkil etish, yoshlarda jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhimligi aytib o‘tildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech