Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Akademiya boshlig‘i litsey o‘quvchilari bilan uchrashdi

19 Mart 2026, 21:36

63

Payshanba kunining “Yoshlar kuni” sifatida belgilangani yosh avlod vakillari bilan ochiq muloqot qilish uchun muhim platforma vazifasini bajarmoqda.

IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida vazirlikning Toshkent shahridagi 1-son akademik litseyida bo‘ldi. Tadbirda o‘quvchilar, ularning ustozlari, hozirda akademiyada ta’lim olayotgan litsey bitiruvchilari qatnashdi.

Muloqot ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Akademiya boshlig‘i ichki ishlar organlarining istiqbolli kadrlari sifatida hayotga kirib kelayotgan o‘quvchilarning fikrlarini tinglash barobarida, ularni kelajak maqsadlari yo‘lida ruhlantirdi.

“Bugun mamlakatimizda inson kapitali, ayniqsa yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga juda katta kuch va imkoniyatlar yo‘naltirilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning mohiyatiga qarasak, barcha yo‘nalishlarda yoshlar masalasi ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu Yangi O‘zbekistonning buguni va ertangi taqdiri yosh avlod zimmasida ekanini ko‘rsatadi”, - dedi R. Xatamov.

Uchrashuvda yoshlar kelajak mas’uliyatini hozirdanoq his qilishi zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun o‘qish, zamonaviy bilimlarni egallash, mashaqqatlarni yengish, faqat yuqori cho‘qqilarga intilish, eng muhimi, Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishga tayyor kadr bo‘lib yetishish kerakligi aytib o‘tildi.

“Ichki ishlar organi xodimi bo‘lish, eng avvalo, ishonch va mas’uliyat degani. Sizlar har tomonlama tizimga munosib bo‘lishingiz, bilim va salohiyat, mardlik, fidoyilik, vatanparvarlikda tengdoshlaringizga ibrat bo‘lishingiz lozim”, - dedi R. Xatamov.

Tadbirda kursantlar ham so‘zga chiqib, ta’lim olishlari uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlarni mamnuniyat bilan e’tirof etdilar. Erishayotgan yutuqlari haqida so‘zlab, o‘quvchilarga motivatsiya berdilar. Uchrashuv so‘nggida fidoyiligi, tashabbuskorligi va boshqa ijobiy fazilatlarini namoyon etib kelayotgan o‘quvchi hamda o‘qituvchilar rag‘batlantirildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech