Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Akademiya boshlig‘i Toshkent viloyati yoshlari bilan uchrashdi

11 Iyun 2026, 22:21

259

Prezidentimiz tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni yoshlar ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlarga oid davlat siyosatining izchilligini ta’minlamoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tashkil etilgan navbatdagi uchrashuvga Yuqori Chirchiq tumanining “Kavardon” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan uyushmagan yoshlar hamda 3-son umumta’lim maktabi o‘quvchilari taklif qilindi.

Muloqot oldidan ular o‘quv dargohi hayoti bilan yaqindan tanishdilar. Axborot-resurs markazi, saf maydoni, o‘quv xonalari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, sport majmuasi va boshqa maskanlarda bo‘lib, ta’lim oluvchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.

Yoshlarga akademiya faoliyatida ro‘y berayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar, o‘qitishning ilg‘or yondashuvlari, mutaxassislik yo‘nalishlari, dual ta’lim tizimining o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek o‘qishga kirish imtihonlari, ichki ishlar organi xodimi bo‘lish istagidagi nomzodlar uchun belgilangan mezonlar haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i axborot-resurs markazida yoshlar bilan uchrashdi. Muloqotda yosh avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni, ular uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, Yangi O‘zbekiston yoshlari oldida turgan ustuvor vazifalar xususida so‘z bordi.

Ta’lim muassasasi rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtaldi. Prezidentimizning yoshlarga qaratayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligi ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ertangi kunga ishonchini oshirish, hayotda munosib o‘rin topishida ko‘maklashishda mustahkam poydevor bo‘layotganini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda yoshlarning muammolari, taklif va istaklari tinglandi. Kelajak avlodlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularni kasb-hunar va oliy ta’limga yo‘naltirish, jamiyatning faol a’zosiga aylantirish, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bugungi islohotlar davrining dolzarb talabi ekanligi aytib o‘tildi.

Shu kuni yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan kerakli maslahat va tavsiyalar oldilar. Akademiya boshlig‘i Yangi O‘zbekiston yoshlari yuksak bilim va salohiyatga ega, vatanparvar, fidoyi bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, barcha yoshlarni esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirdi.

Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida armrestling, shaxmat-shashka va arqon tortish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, sportsevar yoshlar saralab olindi. “Hayot akademiyasi” filmining namoyishi kelajak sari to‘g‘ri yo‘l tanlashda qiynalayotgan yoshlarga katta motivatsiya berdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech