Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasiga bag‘ishlandi

30 Sentyabr 2026, 21:33

100

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Fan, ta’lim va huquqni muhofaza qilish amaliyoti o‘rtasida innovatsion hamkorlik” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Gibrid formatda o‘tkazilgan anjumanda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida innovatsion ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Tadbir avvalida akademiya boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Nasiba Turg‘unova so‘z olib, ilmiy-amaliy anjumanning dolzarb ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. Mazkur yo‘nalishda davlatimiz rahbarining ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash tizimini transformatsiya qilishga qaratilgan qarorida belgilab berilgan ustuvor masalalar, amaliyotga joriy qilinayotgan yangicha mexanizmlardan kutilayotgan natijalarga alohida to‘xtaldi.

Anjumanda Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti, Kriminologiya ilmiy tadqiqot instituti, Bojxona instituti, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, shuningdek Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg universiteti, Tojikiston va Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi akademiyalari hamda boshqa tashkilotlar vakillari so‘zga chiqdi.

“Jinoyatchilikning o‘zgarishi sharoitida ichki ishlar organlarini kadrlar bilan ta’minlash: zamonaviy muammolar va tendensiyalar”, “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlashda fan, ta’lim va huquqni muhofaza qilish amaliyoti o‘rtasidagi innovatsion hamkorlik”, “Ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashning innovatsion modeli: ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasi”, “Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni takomillashtirish: milliy va xorijiy tajriba” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Soha mutaxassislarining fikr-mulohazalari asosida dolzarb masalalarning yechimlari, anjumanning maqsad va vazifalariga qaratilgan ilmiy asoslantirilgan taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech