IIV akademiyasi tashabbusi bilan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 121-umumta’lim maktabida “Yoshlarni innovatsion texnologiyalar orqali ekstremal vaziyatlarda harakatlanishga o‘rgatish” mavzusida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Dastlab akademiya professor-o‘qituvchilari yoshlarga ekstremal vaziyatlarda xavfsiz harakatlanish, jabrlanganlarga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish hamda tegishli xizmatlarga topshirish bo‘yicha amaliy tushunchalar berdi.
Shundan so‘ng kursantlar hamda maktab o‘quvchilari tomonidan Qutqaruvchilar uchun mobil o‘quv minorasi hamda To‘siqlarni yengish uchun mo‘ljallangan mobil mashg‘ulot majmualari, shuningdek Jismoniy mashqlar uchun trenajyor yordamida balandlik va tog‘-qutqaruv sharoitida harakatlanish, jabrlanganlarni qidirish va xavfsiz joyga olib chiqish, zilzila oqibatida vayron bo‘lgan inshootlardan odamlarni qutqarish, kimyoviy zararlanish holatlarida zarur choralarni ko‘rish kabi amaliy mashg‘ulotlar namoyish etildi.
Tadbirda innovatsion yondashuvlar, maxsus jihozlardan foydalanish tartibi va tezkor harakat qilish ketma-ketligiga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa yoshlarda nafaqat nazariy bilim, balki hayotiy vaziyatlarda asqotadigan dastlabki amaliy ko‘nikmalarni ham shakllantirishga xizmat qildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati