Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Hamkorlik aloqalari muhokama qilindi

26 Fevral 2026, 19:06

89

AQSh Federal tergov byurosi vakili Robert Uolker mamlakatimizga safari chog‘ida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘ldi.

Xorijlik mehmon dastlab o‘quv muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Axborot-resurs markazi, ixtisoslashgan mobil transport vositalari, jangovar va jismoniy tayyorgarlik majmuasi, ma’naviyat va ma’rifat markazida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Robert Uolker ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar, aqniqsa dual tizimda o‘qitish, ichki ishlar organlari uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, jinoyachilikni ilmiy yondashuvlar asosida jilovlash, xalqaro hamkorlik aloqalarini izchil rivojlashtirishda erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholadi.

Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston – AQSh munosabatlarining bugungi holatida manfaatli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan munosabatlar strategik sheriklikni chuqurlashtirish bilan birga, davlatlarimizning xalqaro maydondagi ishonchli hamkor sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.

Uchrashuvda xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, tajriba almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Akademiya boshlig‘i muloqotning ahamiyatini alohida qayd etib, qator takliflarini bildirib o‘tdi.

Tomonlar AQSh Federal tergov byurosi bilan ikki tomonlama anglashuv memorandumini imzolash, transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘quv kurslarini tashkil etish, ta’lim jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda boshqa muhim yo‘nalishlarda aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech