IIV akademiyasida Koreya Respublikasi elchixonasining huquqni muhofaza qilish va konsullik masalalari bo‘yicha vakili Kim Chje Xvan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv oldidan koreyalik mehmon akademiya rahbariyati hamrohligida o‘quv muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Kim Chje Xvanga ta’lim jarayonlari, yaratilgan zamonaviy sharoitlar, amaliyotga joriy qilingan ilg‘or yondashuvlar, akademiyaning xalqaro hamkorlik aloqalari haqida ma’lumot berildi.
Shundan keyin ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilib, unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, ko‘p qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish masalalalari muhokama qilindi.
Kim Chje Xvan keyingi yillarda Koreya – O‘zbekiston munosabatlari o‘zaro hurmat, ishonch va strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa ta’lim sohasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.
Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda huquqni muhofaza qilish tizimida tajriba almashinuvini kengaytirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda kadrlar salohiyatini oshirish, professor-o‘qituvchilar va ta’lim oluvchilar uchun dolzarb yo‘nalishlarda o‘quv kurslari tashkil etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Kim Chje Xvan akademiya vakillari tomonidan bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlagan holda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarga hissa qo‘shishdan mamnunligini bildirdi. Shu kuni elchixona vakili o‘zaro hamkorlik doirasida koreyalik mutaxassislar tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan mashg‘ulotlar uchun ajratilgan o‘quv xonalarini ham ko‘zdan kechirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati