Yoshlar kuni munosabati bilan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 121-son umumta’lim maktabida o‘quvchilar bilan muloqot uyushtirildi.
Tadbir yosh avlod vakillarini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalardan asrash, ushbu illatlarning xatarli oqibatlarini tushuntirish maqsadida tashkil qilindi.
Uchrashuvda Ichki ishlar vazirligi akademiyasining Kriminologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi, kapitan Shavkat Rashidov so‘zga chiqib, kunda o‘smirlar orasida keng tarqalayotgan psixotrop moddalar, ularning ommalashishiga sharoit yaratayotgan omillar, internet tarmog‘idagi “yashirin do‘kon”lar, giyohvandlik va psixotrop dori vositalarining inson salomatligiga salbiy ta’siri, narkojinoyatlarga qarshi kurashish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar xususida atroflicha tushuncha berdi.
Aksariyat o‘smirlar o‘z qilmishining oqibatini o‘ylamasdan turib turli illatlarga qo‘l urishi, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste’mol qilish og‘ir asoratlar olib kelishi bilan birga, inson taqdirini izdan chiqarishi aytib aytildi.
Muloqotga akademiyada ta’lim olayotgan kursantlar ham qo‘shildi. Ular Vatanimiz kelajagi bilimli va sog‘lom yoshlar qo‘lida ekanligini ta’kidlab, o‘quvchilarni zamonaviy sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanishga, kelgusida munosib avlod bo‘lib yetishishga da’vat qildi.
Targ‘ibot tabdiri yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni ma’naviy ogoh qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati