Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Jinoyatchilikning oldini olish – barqarorlik garovi

22 May 2026, 21:09

66

IIV akademiyasi rahbariyati tomonidan poytaxtimizning Sergeli tumanida xavfsiz muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Ma’lumki, tuman mahallalariga IIV akademiyasi hamda Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari jalb qilingan. Ishchi guruhlar tomonidan kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida o‘rganilib, jinoyatchilikni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

O‘rganishlar davomida shu kungacha mahallalar hududida 20 dan ortiq “jinoyat o‘choqlari” aniqlandi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida joylarga zamonaviy kameralar, “SOS” tashvish tugmalari va boshqa vositalar o‘rnatildi.

Jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan chekka va aholi gavjum hududlarga qo‘shimcha kuch-vositalar yo‘naltirildi. Ijtimoiy profilaktika obyektlari, alohida toifadagi va “xavf guruhi”dagi shaxslar ro‘yxati shakllantirilib, “mahalla yettiligi”ga biriktirildi. Mahallalarda xavfsiz ko‘cha va uylar tashkil etildi.

Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov “So‘g‘diyona” mahallasida bo‘lib, kriminogen vaziyat taqdimoti bilan tanishdi. Mas’ullarning axborotini tinglab, huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan alohida ishlash, oilalardagi ijtimoiy-maishiy muammolarni o‘rganish, aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Manzilli o‘rganishlar “Nurhayot” mahallasida davom ettirildi. Huquq-tartibot maskanida mutasaddi rahbarlar, “mahalla yettiligi” va ishchi guruhlar bilan birgalikda “poytaxt namunasi”ni keng joriy etishga qaratilgan ishlar muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida qayd etilayotgan jinoyatlar, ularning asl omillari, xonadonlardagi muhit, aholining bandlik darajasi, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, hududlarni kameralashtirish hamda kriminogen vaziyatga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa omillar atroflicha tahlil qilindi.

Akademiya boshlig‘i oila-turmush doirasida hamda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga e’tibor qaratdi. Mahallada xavfsiz muhitni shakllantirishda manfaatdor idora va tashkilotlarning hamkorlikdagi mas’uliyatini oshirish, profilaktika tadbirlarida har bir xonadon va u yerda yashayotgan fuqarolarni qamrab olish, bu borada “mahalla yettiligi”ning imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Shu kuni dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech