IIV akademiyasida ta’lim jarayonlarida ichki ishlar organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda akademiya boshlig‘i R. Xatamov, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i R. Sultanxodjayev, shuningdek ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari boshliqlari, fakultet va kafedralar rahbarlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda ichki ishlar organlari tizimiga tatbiq qilinayotgan zamonaviy yondashuvlar, soha uchun kadrlar tayyorlashning bugungi holati, ta’lim sifatiga qo‘yilayotgan talablar, nazariya va amaliyotni mustahkamlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari tizimi izchil isloh qilinayotgan hozirgi sharoitda ta’lim jarayonini zamon talablari darajasida takomillashtirib borish, kadrlarning kasbiy salohiyatini yanada oshirishda amaliyot organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Muloqotda faoliyatdagi yutuqlar bilan birga, ayrim muammolar ham aytib o‘tildi. Fakultet, kafedra va ichki ishlar organlari boshliqlari so‘z olib, ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Bugungi ehtiyojdan kelib chiqib, o‘quv dasturlarini yangi yo‘nalishlar bilan boyitish, “kursant – o‘qituvchi – amaliyot murabbiyi” tizimi asosida o‘qitish mexanizmlarini takomillashtirish, natijaga yo‘naltirilgan yondashuvlarni joriy etish, kafedralar va amaliyot organlari o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirish, tizimdagi muammolarning ilmiy yechimlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati