Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Kriminogen xavflarni bartaraf etish – bugunning dolzarb masalasi

19 Fevral 2026, 17:54

91

“Navbahor” mahallasi Chilonzor tumanining aholi gavjum qismida joylashgan. Hududdagi bozor, savdo do‘konlari va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bir tomondan aholiga qulaylik yaratayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan huquqbuzarliklar sodir etilish xavfini oshirmoqda.

IIV akademiyasi boshlig‘i mazkur mahallaning kriminogen vaziyatini o‘rganib, “poytaxt namunasi” asosida ko‘p qavatli uylar, ko‘chalar va jamoat joylarida osoyishtalikni ta’minlash, odamlar uchun xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida qilinayotgan ishlar, amaliyotga joriy qilingan tajribalar bilan tanishdi.

Dastlab Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosi yuzasidan hudud mas’ullari, akademiya ishchi guruhi vakillari hamda “mahalla yettiligi” tizimi xodimlarining axboroti tinglandi. Mahallaning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar muhokama qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Chilonzor” metro bekati, gul bozori va ayrim do‘konlar atrofi o‘g‘irlik jinoyatlari ko‘p qayd etiladigan “jinoyat o‘choq”lari sifatida baholangan. Mazkur hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida patrul-post xizmati va akademiya kursantlaridan iborat qo‘shimcha patrullik guruhlari tashkil qilinib, kriminogen nuqtalarga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, joylarga 78 ta videokuzatuv, 10 ta “Face ID”, 2 ta “PTZ” kamerasi, 20 ta tungi chiroq, 28 ta “SOS” tashvish tugmasi o‘rnatilib, xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Mahalladagi 900 dan ziyod xonadon o‘rganilib, 30 nafarga yaqin ijtimoiy profilaktika ob’ekti aniqlandi va “mahalla yettiligi” xodimlariga nomma-nom biriktirildi.

Sayyor qabullar davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlar asosida 60 ga yaqin muammoli masalalar ijobiy hal qilindi. Profilaktik tadbirlarni kuchaytirish maqsadida “targ‘ibotchi guruh”lar tashkil qilinib, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

Akademiya boshlig‘i mas’ullar bilan birgalikda choraklik “yo‘l xarita” bandlarini birma-bir muhokama qildi. Manzilli chora-tadbirlar “jinoyat o‘choq”larida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, poytaxt ahli va mehmonlari uchun xavfsiz muhit yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidlab, tizim samaradorligini oshirish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.

Shu kuni ta’lim muassasasi vakillari mahalla hududidagi “qaynoq nuqta”larga chiqib, fuqarolar bilan muloqot qildi. Metro bekati yaqinida 24 soat davomida faoliyat yuritayotgan mobil avtobus imkoniyatlari bilan tanishdi. Mas’ullarga huquqbuzarliklar ko‘p qayd etiladigan joylarga qo‘shimcha kuch-vositalarni yo‘naltirish, kriminogen vaziyatni muntazam nazorat va tahlil qilib borish, xavf yuzaga kelganda zudlik bilan bartaraf etish borasida tavsiyalar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech