Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahalladagi ijobiy tajribalar o‘rganildi

18 Fevral 2026, 15:50

104

Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi “Mingo‘rik” mahallasida 527 ta xonadon bo‘lib, mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.

O‘tgan yili mahalla hududida o‘g‘irlik, tan jarohati yetkazish, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik va boshqa turdagi jinoyatlar qayd etilgan. Shu bois, “poytaxt namunasi” asosida mahallada keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov jinoyatchilikni jilovlash borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida mahallada bo‘lib, hududga biriktirilgan mas’ullar, magistratura tinglovchilari va “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari bilan muloqot qildi.

Uchrashuv chog‘ida mahallada xavfsiz muhit yaratish, jinoyatchilik omillariga barham berish, aholi bilan manzilli ishlash, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni hal qilish, choraklik “yo‘l xarita”lar ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Ishchi guruh vakillarining kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan takliflari tinglandi.

Akademiya boshlig‘i hududlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, huquqbuzarlik qayd etilishi mumkin bo‘lgan nuqtalarga qo‘shimcha kuch-vositalarni yo‘naltirish, “102” tizimiga kelib tushgan xabarlarga zudlik bilan munosabat bildirish, mahalla ahli o‘zini xavfsiz his qilishi uchun barcha choralarni ko‘rish zarurligini qayd etdi.

Shu kuni hududdagi “xavfsiz ko‘cha”, “xavfsiz uy”, “xavfsiz xonadon”, “xavfsiz yo‘lak” va boshqa ob’ektlar ko‘zdan kechirildi. “SOS” tizimi yordamida patrullik naryadlarining belgilangan vaqtda chaqiruv joyiga yetib kelishi sinov tariqasida tekshirib ko‘rildi.

O‘rganishlar yakunida “poytaxt namunasi” asosida amaliyotga yangicha yondashuvlarni tatbiq qilish, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, texnik qo‘riqlovga olingan ob’ektlarni “Xavfsiz shahar” tizimiga integratsiya qilishni jadallashtirish, aholining profilaktika inspektori bilan tezkor bog‘lanishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Mahallada ish olib borayotgan “yettilik” xodimlariga kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida tavsiyalar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech