Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahalladagi xavfsiz muhit o‘rganildi

17 Oktyabr 2026, 20:59

90

Bugungi kunda jinoyatchilikni jilovlash, xalqimizning osoyishta hayotini ta’minlash dolzarb vazifalardan biriga aylandi.

Bunda, avvalo, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilik omillarini bartaraf etish, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, jamoat xavfsizligini tunu kun ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Mirzo Ulug‘bek tumanining “Alpomish” mahallasida bo‘lib, aholi uchun xavfsiz muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shu kuni mahallaning kriminogen vaziyati, hududlarga jalb qilingan kuch-vositalar faoliyati, ular tomonidan ko‘rilayotgan xavfsizlik choralari, “102” tizimi orqali kelib tushayotgan murojaatlar atroflicha o‘rganildi. Jinoyatchilikni jilovlashda o‘tgan 9 oy mobaynida erishilgan natijalar muhokama qilindi.

Akademiya boshlig‘i serqatnov ko‘chalar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, “jinoyat o‘chog‘i” sifatida qayd etilgan joylarni ko‘zdan kechirdi. Hududlarga o‘rnatilgan kameralar va tashvish tugmalarining holatini tekshirdi. Mas’ullarga texnik qo‘riqlovga olish ishlarini jadallashtirish, aholi va profilaktika inspektorlari o‘rtasida tezkor muloqotni ta’minlash, fuqarolarning mas’uliyatini kuchaytirish, “Mening inspektorim” va “APK Qo‘riqchi”mobil ilovalaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

O‘rganishlar davomida “mahalla yettiligi”ning huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati ham tahlil qilindi. Aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash, har bir masalaga o‘z vaqtida yechim topish, oilalardagi muhitni muntazam o‘rganib borish, maishiy nizolarning oldini olish, “xavf guruhi”ga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash, mahallalarda barqaror osoyishta muhitni shakllantirish zarurligi qayd etildi.  

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech