Davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan qarori kriminogen vaziyat bilan bog‘liq dolzarb masalalarni manzilli hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qarorda jinoyatchilik omillarini ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, aholi bilan manzilli ishlash borasida ustuvor vazifalar belgilangan.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida mazkur qaror ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda akademiya rahbariyati, fakultet va kafedralar boshliqlari, hududlarga biriktirilgan ishchi guruhlar vakillari hamda magistratura tinglovchilari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov olib borib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi.
Qayd etilganidek, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tajribali professor-o‘qituvchilar so‘nggi uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalarga biriktirildi. Jinoyatchilik omillari joylarga chiqilgan holda o‘rganilib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Kompleks chora-tadbirlar natijasida 48 ta mahalla “yashil”, 24 ta mahalla “sariq” toifaga o‘tkazildi, 37 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shu kuni poytaxtimizda xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Ayni masala yuzasidan tumanlarga jalb qilingan magistratura tinglovchilarining axboroti tinglandi.
Akademiya boshlig‘i belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini jadallashtirish zarurligini qayd etib, jinoyatchilikni kriminologik prognozlash, muammolarning yechimlari bo‘yicha samarali mexanizmlarni yaratish, hududlarga ilg‘or tajribalarni joriy qilish yuzasidan topshiriq berdi.
Tandiqiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda mahallalarda jinoyatchilikni keskin kamaytirish, profilaktik ishlarni kuchaytirish, aholi kayfiyatini muntazam o‘rganib borish, muammolarni o‘z vaqtida hal etish choralarini ko‘rish, “yo‘l xarita”lar ijrosini sifatli ta’minlash hamda boshqa yo‘nalishlarda muhim vazifalar belgilab olinib, ijroga qaratildi.
“Poytaxt namunasi” asosida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar amaliy natijasini ko‘rsatishi uchun har bir mahalla, hududda osoyishta muhitni qaror toptirish, bu orqali aholining ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati