Ma’lumki, Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi qarori bilan mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Unga binoan, uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalar huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy tashkilotlariga biriktirildi.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida IIV akademiyasi ishchi guruhi tomonidan respublikamizning boshqa hududlari qatori, Xorazm viloyatida ham o‘rganishlar olib borilmoqda. Bunda mahallalarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aytish joizki, shu kungacha Bog‘ot, Xonqa, Tuproqqal’a, Shovot va boshqa tuman-shaharlardagi o‘nta mahalla o‘rganildi. Hududlarda manfaatdor idoralar vakillari, biriktirilgan mas’ullar, “yettilik” tizimi xodimlari ishtirokida uchrashuvlar tashkil qilinib, davlatimiz rahbari qarorining mazmun-mohiyati va amaliyotga samarali tatbiq etish mexanizmlari tushuntirildi.
Bundan tashqari, “mahalla yettiligi” vakillari bilan aholini tashvishga solayotgan muammolar va kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar tahlil qilinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
– Ishni yaxlit tizim asosida, hamjihatlikda tashkil qilayapmiz. “Yo‘l xarita”larni o‘rganib, zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqdik. Mahallalarda xavfsiz muhit yaratishga imkon bermayotgan biron bir muammo e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Kelgusida har bir mahallada ijobiy tajribalarni joriy qilish rejalashtirilgan, – deydi akademiya ishchi guruhi rahbari, podpolkovnik Shodlik Matyozov.
Mahallalar osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati