IIV akademiyasiga biriktirilgan hududlar qatorida Navoiy viloyatidagi kriminogen vaziyati murakkab mahallalar ham bor.
Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlashga qaratilgan qarori asosida uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mazkur mahallalarda ham o‘rganishlar amalga oshirilmoqda.
Bu boradagi ishlarni yangi tizim asosida samarali tashkil etish maqsadida hududlarga ilmiy-amaliy salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar jalb qilingan. Ular mahallalardagi “yettilik” tizimi xodimlari bilan hamjihatlikda jinoyatchilik omillarini o‘rganib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishmoqda.
Shu kungacha Xatirchi tumanidagi “Navbahor”, olis Zarafshon, Uchquduq, Nurotadagi “Mingbuloq”, “Oltin vodiy”, “Sentob” mahallalarida keng qamrovli o‘rganishlar olib borildi. Sodir qilingan jinoyatlar ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilinib, kriminogen xavfi yuqori “jinoyat o‘choq”lari bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mahallalardagi 800 dan ortiq xonadon vakillari bilan manzilli suhbat natijasida 23 nafar ijtimoiy profilaktika obyektlari aniqlanib, “mahalla yettiligi”ga nomma-nom biriktirildi. Jamoat xavfsizligini tunu kun ta’minlash maqsadida aholi gavjum hududlar, ko‘cha va xiyobonlar, ovloq joylarga qo‘shimcha patrullik guruhlari yo‘naltirildi.
Aholining ogohligini oshirish, jinoyatdan jabrlanish ehtimolini kamaytirish maqsadida 200 dan ortiq fuqaroning uyali aloqa vositasi ikki bosqichli himoya tizimiga o‘tkazildi. Shuningdek “Mening inspektorim” mobil ilovasi o‘rnatilib, profilaktika inspektori bilan tezkor aloqa o‘rnatish imkoniyati yaratildi.
Shu bilan birga, viloyat IIB rahbariyati tashabbusi bilan Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” mahallasida sayyor qabul tashkil etilib, fuqarolarning muammoli masalalari hal etildi.
Hozirda ishchi guruh vakillari boshqa mahallalarni ham manzilli tarzda o‘rganib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “yo‘l xarita”lar ijrosini ta’minlab kelishmoqda. Bunda ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, oila-tushmush doirasidagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlarni kameralashtirish orqali mahallalarda xavfsiz muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati