Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Osoyishta va xavfsiz muhit – islohotlarning ustuvor yo‘nalishi

24 Avgust 2026, 22:30

151

IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov poytaxtimizning Olmazor tumanida jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.

Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida mas’ul rahbarlar va akademiya vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda dolzarb masalalar muhokama qilindi. Hududlarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar va jinoyatchilik ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, aholi uchun xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i “Forobiy” va “Beruniy” ko‘chalaridagi aholi gavjum maskanlar, “jinoyat o‘choq”lari sifatida belgilangan hududlarni ko‘zdan kechirdi. Fuqarolar bilan muloqot chog‘ida poytaxtimizda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, mahallalardagi muammolar manzilli hal etilayotgani, hozirgi mas’uliyatli paytda jamiyatimizning har bir a’zosi osoyishtalikni ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shishi kerakligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, bezorilik jinoyatlari ko‘p qayd etilayotgan joylarga qo‘shimcha kuch va vositalarni yo‘naltirish, hududlarga tashvish tugmalari va zamonaviy kameralar o‘rnatish, “102” raqami orqali kelib tushayotgan murojaatlarga zudlik bilan munosabat bildirish, uyushmagan yoshlar nazoratini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralarini ko‘rish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

O‘rganishlar davomida hududlardagi har bir muammo joyida muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Akademiya boshlig‘i chinakam xavfsiz muhitni shakllantirish uchun mahallalar jinoyatdan xoli bo‘lishi, odamlar kunu tun bexavotir yurishi, o‘zi va mol-mulkining xavfsizligiga ishonch hosil qilishi, shundagina ko‘zlangan maqsad o‘z natijasini ko‘rsatishini ta’kidladi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech