Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat va jamoat arboblari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, qator idora va tashkilotlar, ta’lim muassasalari vakillari, shu jumladan, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etdi.
Tadbir buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi. Ziyolilar, tilshunos olimlar, ustoz-murabbiylar o‘zbek tilining boy tarixi, betakror jozibasi, xalqimiz ma’naviy hayotida tutgan beqiyos o‘rni, so‘nggi yillarda ona tilimizning qadr-qimmatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni e’tirof etishdi.
Asrlar qa’ridan o‘tib kelayotgan ona tilimiz milliy o‘zligimizni anglatuvchi, millatimizning borligini namoyon etuvchi, xalqimizni ma’naviy yuksalish va taraqqiyot sari boshlovchi qudrat manbai ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir ko‘rkam xiyobonda qad rostlagan Abdulhamid Cho‘lpon haykali qoshida davom etdi. Akademiya vakillari o‘z chiqishlari orqali ona tilimizga bo‘lgan cheksiz ehtirom va muhabbatlarini namoyon etdilar. Iqtidorli kursantlar tomonidan ijro qilingan qo‘shiq va she’rlar, sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati