Inson huquqlari milliy markazi tashabbusi bilan poytaxtimizda sud, prokuratura va ichki ishlar organlari vakillari uchun o‘quv kursi tashkil qilindi.
Ikki kunlik o‘quv kursi davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, IIV akademiyasi va Malaka oshirish instituti hamda milliy markaz mutaxassislari tomonidan mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tinglovchilar qiynoqqa solish, asossiz ushlab turish va qamoqqa olishga qarshi xalqaro standartlar, Nelson Mandela qoidalari va aybsizlik prezumpsiyasining mazmun-mohiyati, huquqni qo‘llash amaliyotida inson huquqlarini ta’minlash, qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlari uchun belgilangan javobgarlik, bu borada xalqaro amaliyot va milliy tajribaning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan ma’ruzalar tingladilar.
Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tarzida tashkil etilgan o‘quv kursi yakunida test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan 60 nafar tinglovchiga sertifikatlar topshirildi. O‘quv yig‘ini sud-huquq tizimi faoliyatida qonun ustuvorligini mustahkamlash, xodimlarning kasbiy madaniyatini, sohaga oid bilim va amaliy ko‘nikmalarini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati