Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Rahbarlar zamon bilan hamnafas bo‘lishi kerak

15 Aprel 2026, 21:15

43

Avval xabar qilinganidek, IIV akademiyasida yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari boshliqlari uchun o‘quv yig‘ini tashkil qilingan edi.

Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov o‘quv yig‘ini tinglovchilari bilan uchrashib, ichki ishlar organlari rahbarlari oldida turgan dolzarb talablarni yetkazdi.

Aytish joizki, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar davrida boshqaruv kadrlarining jamiyat hayotidagi o‘rni va roli tobora oshib bormoqda. Strategik rejalar ishlab chiqish, maqsad va vazifalarni aniq belgilash, puxta o‘ylangan qarorlar qabul qilish, jamoani to‘g‘ri yo‘naltirish har bir rahbar faoliyatining muhim mezoniga aylanmoqda.

Ayniqsa xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, aholining dardu tashvishi bilan yashash, muammolarini o‘z vaqtida hal etish, murojaatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish jamiyatda inson manfaatlarini ta’minlashning ustuvor tamoyillari etib belgilangan. Prezidentimiz davrning bu o‘tkir talablarini tushunmagan rahbarlarni xalqimiz ham, hayotning o‘zi ham qabul qilmasligini alohida ta’kidlagandi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda ichki ishlar organlari tizimidagi keng qamrovli islohotlar, kadrlar siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, soha uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash maqsadida akademiya magistraturasida yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or yondashuvlar, rahbar xodimlarni tanlash va lavozimga tayinlashda e’tibor qaratiladigan eng muhim jihatlar, boshqaruv kompetensiyalari xususida so‘z bordi.

Akademiya boshlig‘i rahbarlik fazilatlariga to‘xtalib, “har bir rahbar zamon bilan hamnafas qadam tashlashi, yetuk bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishi, faoliyatini doimiy isloh qilib borishi, islohotlarning mazmun-mohiyatini anglagan holda ularni hayotga samarali tatbiq etishi, eng muhimi, uzoqni ko‘ra olishi lozim”, dedi.

Uchrashuvda sohaviy xizmat rahbarlariga tizimning faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar berildi.

Ta’kidlash joizki, uch kunlik o‘quv yig‘ini davomida tinglovchilar uchun dolzarb mavzularni qamrab olgan interfaol mashg‘ulotlar tashkil qilindi. Ilg‘or tajribalar o‘zlashtirilib, muammolar va ularning yechimlari tahlil qilindi. Mashg‘ulotlar yakunida bilim va ko‘nikmalarni baholash maqsadida tinglovchilardan yakuniy sinovlar qabul qilindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech