Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Tohir Malikni xotirlab...

8 May 2026, 20:48

52

IIV akademiyasida atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik xotirasiga bag‘ishlangan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sherkon Qodiriy, ichki ishlar organi faxriysi Hasanboy Abdurazzoqov, adibning shogirdi Abduvahob Xoliqov, shuningdek mehmonlar, O‘zbek tili va xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari va kursantlar ishtirok etdi.

Tadbirda Tohir Malikning hayoti va ijodiy faoliyati haqida iliq mulohazalar bildirildi. Yozuvchi asarlarining axloqiy va tarbiyaviy jihatlari, yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati yoritib o‘tildi. Adib ko‘p yillar Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tinglovchi va kursantlarga saboq bergani, insoniy fazilatlari bilan hurmat qozongani, yoshlarni kamolotga yetkazishga ulkan hissa qo‘shgani alohida ta’kidlandi.

– Ustoz bilan bir kafedrada ishladik. Quvvai hofizalari nihoyatda kuchli, muloqotda o‘ta madaniyatli inson edilar. Yosh o‘qituvchi sifatida ulardan juda ko‘p ijobiy jihatlarni o‘rganganman. Keyinchalik bu pedagogik mahoratiimning o‘sishiga turtki bo‘ldi, – deydi iste’fodagi podpolkovnik Abduvahob Xoliqov.

Adabiy kechada yoshlarni adabiyotga, kitobxonlikka qiziqtirish, har bir asarning mazmuni va g‘oyasini anglash, tarbiyaviy jihatlaridan xulosa olishga o‘rgatish masalalari haqida so‘z yuritildi. Ayni xususiyatlari bilan Tohir Malik asarlarining muxlislari ko‘pligi, adib kitoblarini o‘qigan inson ulkan ma’naviy ozuqa olishi aytib o‘tildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech