IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilaridan iborat trenerlar guruhi uchun xalqaro tajriba almashish va ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi mahorat darsi tashkil etildi.
Onlayn mashg‘ulotni Turkiya milliy politsiya akademiyasi huzuridagi Xavfsizlik fanlari institutining Xavfsizlik strategiyalari va boshqaruvi kafedrasi professori Salih Zeki Hakli olib bordi.
Mashg‘ulot davomida qardosh mamlakat politsiya ta’limi tizimi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy modellari, xavfsizlik strategiyalari hamda boshqaruv sohasida qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar xususida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, xodimlarda kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish va rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Master-klass davomida professor-o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda ilg‘or xorijiy tajribaning samarali jihatlarini milliy ta’lim tizimiga tatbiq etish yuzasidan takliflar bildirdilar.
Bunday mashg‘ulotlar ta’lim jarayonini zamon talablari asosida takomillashtirish hamda pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati