Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Turon yakkakurashi ommalashtiriladi

2 Iyun 2026, 22:07

154

IIV akademiyasiga AQShdagi Xalqaro turon federatsiyasi (International Turon Federation) vakillari tashrif buyurdi.

Xalqaro turon federatsiyasiga 2025-yil 15-iyulda asos solingan. Uning bosh qarorgohi dunyoning eng yirik siyosiy, moliyaviy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Nyu-York shahrida joylashgan. Turon o‘zbek milliy yakkakurashini rivojlantirish va dunyo bo‘ylab ommalashtirish tashkilotning asosiy maqsadi sanaladi.

Tashrif chog‘ida federatsiya prezidenti Farrux Niyazimbetovga tashkilot boshqaruv organi vakillari, yurtimiz va jahonning boshqa mintaqalaridagi federatsiyalar mutasaddilari hamrohlik qildi. Mehmonlar dastlab akademiya faoliyati, maskanda yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or yondashuvlar bilan yaqindan tanishdilar. Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasida yaratilgan zamonaviy sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar. Shu yerning o‘zida O‘zbekiston turon yakkakurashi federatsiyasi a’zolari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish qilindi.

Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov mehmonlarni qabul qildi. Muloqotda ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek milliy yakkakurashini ommalashtirish, mahoratli sportchilar va murabbiylarni tayyorlash, ularni xalqaro arenalarga olib chiqish, mazkur yo‘nalishda milliy va xalqaro tajribalarni o‘rganish borasida fikr almashildi.

Federatsiya prezidenti F. Niyazimbetov turon yakkakurashi ko‘p asrlik tarix va milliy an’analarni o‘zida mujassam etgani, keyingi yillarda uni rivojlantirish bo‘yicha salmoqli sa’y-harakatlar amalga oshirilgani, xususan, ko‘plab davlatlarda milliy federatsiyalarga asos solinib, Osiyo turon yakkakurashi assotsiatsiyasi tashkil etilganini ta’kidladi.

Yurtimiz yoshlari o‘rtasida milliy sport turimizga e’tiborning kuchayishi yangi iqtidor egalarini kashf etish, ichki ishlar organlari xodimlarining jangovar-jismoniy tayyorgarligini oshirish barobarida, O‘zbekistonning jahondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini e’tirof etdi.

O‘z navbatida, akademiya boshlig‘i sport har bir mamlakatni dunyoga tanitadigan muhim sohalardan biri ekanligini, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasida mamlakatimizda sportning barcha yo‘nalishlari izchil rivojlanib borayotgani, o‘quv dargohida turon yakkakurashi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini alohida qayd etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, yangi sport seksiyalarini tashkil etish, yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb qilish, kelgusida turli darajadagi nufuzli musobaqalarni o‘tkazishga kelishib oldilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech