IIV akademiyasida Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA)ga a’zo ta’lim muassasalarining ekspert-kriminalistlari uchun o‘quv kursi tashkil etildi.
Shu munosabat bilan akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov Turkiya, Vengriya, Saudiya Arabistoni, Maldiv va Mo‘g‘uliston davlatlaridan kelgan delegatsiya a’zolarini qabul qildi.
Uchrashuvda tashkilotga a’zo ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijalari va istiqbollari haqida so‘z bordi. Akademiya boshlig‘i jahon geosiyosiy maydonida global tendensiyalar o‘zgarayotgan hozirgi murakkab sharoitda ko‘p qirrali aloqalarni yanada kengaytirish tomonlar manfaatiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Bu borada Interpa ta’lim integratsiyasini kuchaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platformaga aylanib borayotgani, galdagi o‘quv kursi professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amaliyotga joriy etishda dolzarb ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.
Shu kuni mehmonlar akademiya faoliyatini o‘rganish maqsadida Axborot-resurs markazi, Magistratura o‘quv binosi, Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti, Ta’lim sifatini monitoring va nazorat qilish markazi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, sport majmuasi hamda boshqa maskanlarda bo‘lishdi. Dual ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan o‘quv tezkor-tergov guruhlari hamda kriminalistik laboratoriyalar uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalarini ko‘zdan kechirishdi.
Ta’lim jarayonidagi keng qamrovli islohotlar, amaliyotga joriy qilingan ilg‘or yondashuvlar, professor-o‘qituvchilar va tinglovchi-kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar xorijiy davlatlar vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shu bilan birga, mehmonlar buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosi asosida yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlarni alohida e’tirof etishdi.
Aytish joizki, 27-mart kuniga qadar davom etadigan o‘quv kursi doirasida tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan dolzarb mavzularga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati