Bu yil Ichki ishlar vazirligi akademiyasining kunduzgi ta’lim bakalavriatiga 4 mingdan ziyod abituriyent hujjat topshirgan. Ayni kunlarda ular uchun o‘qishga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.
O‘quv dargohida o‘qish istagida bo‘lgan o‘g‘il-qizlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat orqali saralab olinmoqda.
Maxsus kasbiy tanlovda har bir nomzodning salomatlik holati, bayon yoki insho yozish qobiliyati, umumjismoniy tayyorgarligi, chet tillarini bilish darajasi baholanayotgan bo‘lsa, yakka tartibdagi yakuniy suhbat huquqshunoslik, O‘zbekiston tarixi va tarbiya fanlaridan o‘tkazilmoqda. Bunda nomzodlar dastlabki bosqichda yetarli ballarni to‘play olsagina, yakka tartibdagi yakuniy suhbatda qatnashishi mumkin.
Imtihonlarning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida abiturientlar ishtirok etayotgan har bir jarayon onlayn vaqt rejimida videotasvirga tushirilmoqda. Maxsus kasbiy tanlov hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan so‘ng ular to‘plagan ballar e’lon qilib borilmoqda. Bundan tashqari, abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari uchun “akadmvd.uz” rasmiy veb-sayti orqali imtihon natijalarni kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Aytish joizki, 2026/2027 o‘quv yilida kunduzgi ta’lim bakalavriatiga umumiy, “ekspert-kriminalistika faoliyati” va “raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishlari bo‘yicha nomzodlar o‘qishga qabul qilinadi. Imtihonlar joriy yilning 12-iyuliga qadar davom etadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati