O‘tgan yili respublikamizdagi 4 mingdan ziyod mahallada jinoyat sodir etilmadi. Bunga huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida erishildi.
Bu boradagi ishlar joriy yilda ham izchil davom ettirilmoqda. Ayniqsa poytaxtimizda yangi namunaviy amaliyotning yo‘lga qo‘yilgani mahallalarda xavfsiz muhit yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.
IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Chilonzor tumanining “Qozirabot” mahallasida bo‘lib, jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mahalladagi kriminogen omillarni bartaraf etish maqsadida choraklik “yo‘l xarita”ga qo‘shimcha taklif va tavsiya kiritilgan. Ijtimoiy profilaktika ob’ekti bo‘lgan 18 nafar, “xavf guruhi”dagi 5 nafar shaxs “mahalla yettiligi”ga biriktirilgan.
Jinoyatlarning barvaqt oldini olish uchun joylarga 25 ta tashvish tugmasi o‘rnatilib, qo‘shimcha 6 ta patrullik yo‘nalishi tashkil qilingan. Yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha tashkilot va muassasalarga o‘ndan ziyod taqdimnoma yuborilgan. Aholi o‘rtasida profiklaktik va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, sodir qilingan jinoyatlar keng muhokama qilingan.
Akademiya boshlig‘i “mahalla yettiligi” xodimlari bilan muloqotda salmog‘i yuqori jinoyatlarga e’tibor qaratdi. Ta’lim muassasasi vakillariga ularning asl omillarini ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida o‘rganish, birgalikda oldini olish choralarini ko‘rish, xavfsiz muhitni shakllantirishda natijadorlikni oshirish yuzasidan topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, mahalladagi 20 ta ko‘p qavatli, 445 ta yakka tartibdagi uyda 7 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. O‘tgan yili oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan eng ko‘pini o‘g‘irlik jinoyati tashkil etgan. Shundan kelib chiqib, hududlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, jinoyatlarning xususiyatiga qarab qo‘shimcha kuch-vositalarni yo‘naltirish zarurligi aytib o‘tildi.
Shu kuni mas’ullarga kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni o‘z vaqtida bartaraf etish, ijtimoiy profilaktika tadbirlari qamrovini oshirish, aholi bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali muammolarni o‘rganib borish va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda tavsiyalar berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati