Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari ta’lim olish va tajriba almashish uchun yurtimizga keldi.
O‘quv mashg‘ulotlari oldidan IIV akademiyasida universitet vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Samimiy muloqot chog‘ida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov va delegatsiya rahbari Jang Jou davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston va Xitoy davlatlarini ko‘p asrlik tarixiy rishtalar bog‘lab turishi, ikki tomonlama aloqalar keyingi yillarda jadal sur’atlarda rivojlanib, hamkorlikning yangi ufqlari ochilishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
– O‘zaro munosabatlarda global xavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik, zamonaviy tahdid va xatarlarlarga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalar ustuvorlik kasb etadi, – dedi akademiya boshlig‘i R. Xatamov. – Bugungi kunda mamlakatimiz Ichki ishlar vazirligi va Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim sohasida aloqalarning faol tarzda rivojlanib borayotgani ilg‘or yutuqlarni o‘rganish va tizim uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Xalqlarimiz azal-zaldan yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik munosabatlarini qadrlab kelgan. O‘zaro aloqalarimiz sifat jihatdan yuksak bosqichga ko‘tarilgan tarixiy davrda uchrashib turibmiz. Garchi, O‘zbekistonga ilk bor kelayotgan bo‘lsamda, yurtingizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarni kuzatib boraman. Ishonchim komilki, mushtarak maqsadlarimiz yo‘lidagi hamkorligimiz yanada ravnaq topadi”, – dedi universitetning Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Jang Jou.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar nafaqat tajriba almashish, balki xalqlarimizning boy tarixi va madaniyatini o‘rganishga imkon yaratayotgani e’tirof etildi.
Shu kunning o‘zida mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan innovatsion yondashuvlar, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar, o‘quv dargohining shonli tarixi, ulkan salohiyati va istiqboli universitet vakillarida yorqin taassurot qoldirdi.
Aytish joizki, ikki haftalik o‘quv kurslari davomida xitoylik talabalar uchun interfaol mashg‘ulotlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilinadi. Bundan tashqari, mehmonlar ichki ishlar organlari faoliyatining ilg‘or jihatlari bilan tanishadilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati