Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasini tamomlagan bitiruvchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilishga ahd qilgan yoshlarning kasbiga e’tiqodini mustahkamlash, Vatan taqdiri va kelajagiga bo‘lgan daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirish, ularni sharafli va mas’uliyatli burchini fidoyilik bilan bajarishga yo‘naltirish maqsadida tashkil qilindi.
Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov so‘z olib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari faoliyati tubdan isloh qilinayotgan hozirgi davrda yuksak bilimli, dunyoqarashi keng, zamonaviy fikrlaydigan, faol hayotiy pozitsiyaga ega yosh kadrlar tizim samaradorligini oshirishning asosiy mezoniga aylanganini alohida ta’kidladi.
Ochiq muloqotda sohadagi keng qamrovli o‘zgarishlar, amaliyotga joriy qilinayotgan ilg‘or yondashuvlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar, ayni paytda yosh kadrlarga qo‘yilayotgan dolzarb talablar haqida so‘z bordi. Katta hayotga kirib kelayotgan yoshlar Yangi O‘zbekistonga mustahkam tayanch bo‘lib, tizimda vijdonan xizmat qilishi, kelajak maqsadlari sari qat’iy intilishi, ona Vatanimiz va xalqimizga bo‘lgan sadoqatini amalda namoyon etishi kerakligi aytib o‘tildi.
Shu kuni bitiruvchilarning fikr-mulohazalari ham tinglandi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalishlar bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘lib, kelgusida rejalashtirgan tashabbuslari bilan o‘rtoqlashdilar. O‘quv dargohi boshlig‘i tizimda yoshlar bilan maqsadli ishlashning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab, ularga kitoblar sovg‘a qildi.
Uchrashuv ichki ishlar organi xodimi qasamyodini qabul qilish arafasida turgan yoshlar uchun mas’uliyatli xizmat oldidan muhim turtki bo‘ldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati