Yangi yil – mo‘jizalar, quvonch va beg‘ubor bolalik shodligining eng yorqin timsoli. Ana shunday iliq va bayramona kayfiyat 27-dekabr kuni IIV akademiyasida o‘tkazilgan Yangi yil bayrami tadbirida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Akademiya xodimlari hamda ishchi-xizmatchilarining oila a’zolari, ayniqsa bolajonlar uchun tashkil etilgan bayram dasturi saf maydonida bezatilgan ulkan archa atrofida boshlandi. Qorbobo va Qorqiz kirib kelayotgan 2026-yil bilan barchani samimiy tabriklab, bolalar uchun quvnoq o‘yinlar, sho‘x kulgular va bayramona chiqishlar uyushtirdi. Quvonchga to‘la lahzalar bolajonlarning yuzida samimiy tabassum, ko‘zlarida esa beg‘ubor hayajon uyg‘otdi.
Tadbirning navbatdagi qismi Akademiyaning Ma’naviyat va ma’rifat markazida davom ettirildi. Bu yerda O‘zbekiston Davlat satira teatri ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Qor malikasi” ertagi tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Mazkur sahna ko‘rinishi, ayniqsa, yosh bolajonlar qalbiga o‘zgacha zavq va iliq taassurot ulashib, bayram shukuhini yanada oshirdi.
Bayram tadbiri yakunida tashkilotchilar tomonidan bolalarga Yangi yil sovg‘alari topshirildi. Ushbu e’tibor va g‘amxo‘rlik bolajonlar uchun chinakam bayram tuhfasiga aylanib, ularning qalbida unutilmas xotiralar qoldirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati