IIV akademiyasida ma’muriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni ta’minlashning bugungi holati va istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Hamkor idora va tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda o‘tkazilgan anjumanda sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ularning natijalari, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. So‘zga chiqqanlar ma’muriy javobgarlikni qo‘llash jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarga e’tibor qaratgan holda ilmiy-amaliy konferensiyaning dolzarb ahamiyati va undan ko‘zlangan eng muhim jihatlarni aytib o‘tishdi.
Shu kuni “Oilaviy-maishiy zo‘ravonlik uchun ma’muriy javobgarlikni takomillashtirish”, “Milliy gvardiya organlari tomonidan ma’muriy javobgarlikni qo‘llashda yuzaga kelayotgan muammolar”, “Migratsiya sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklarning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Ma’muriy jazo choralari, ularni qo‘llashning umumiy qoidalari, ma’muriy javobgarlikni ta’minlashda yarashuv institutini qo‘llash amaliyoti”, “Mayda bezorilikni kvalifikatsiya qilishning muhim jihatlari, bunda inson huquqlarini ta’minlash masalalari”, “Ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llashda ichki ishlar organi xodimlarining huquqiy maqomi” hamda boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Amaliyot organlari vakillarining chiqishlari, olimlarning ilmiy asoslangan fikr-mulohazalari asosida sohadagi muammolarning yechimlariga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati