Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida dual ta’lim tizimi bo‘yicha hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda IIV akademiyasi va Toshkent shahar IIBB rahbariyati, poytaxtning Chilonzor, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek va Mirobod tuman IIOFMBlari mas’ullari, murabbiylikka biriktirilgan xodimlar hamda bitiruvchi kurs kursantlari qatnashdi.
Yig‘ilishda dual ta’lim bo‘yicha ichki ishlar organlarida tashkil etilayotgan amaliyot jarayonlari, faoliyatda erishilayotgan natijalar va kelgusidagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi tizimning yo‘lga qo‘yilgani ta’limni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etayotgani, puxta bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega kursantlar kelgusida tizim uchun asosiy tayanch kadrlar bo‘lib yetishishi ta’kidlandi.
Ayniqsa “poytaxt namunasi” asosida xavfsiz muhitni shakllantirish maqsadida kursantlarning jamoat tartibini saqlash, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi muammolari o‘rganish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga faol jalb qilinayotgani ijobiy samara berayotgani aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda dual ta’limning natijadorligi murabbiy va kursantlar o‘rtasida ustoz-shogirdlik tizimining samarali yo‘lga qo‘yilganiga bevosita bog‘liq ekanligi, o‘rganishlar davomida bu borada ayrim kamchiliklar aniqlangani tanqid qilindi. Shundan kelib chiqib, mas’ullarga zimmalariga yuklatilgan vazifalarni yuqori mas’uliyat bilan bajarishi yuzasidan topshiriq berildi.
Yig‘ilish yakunida tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. O‘zini ijobiy tomondan namoyon etgan bir guruh xodimlar va kursantlar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati