Har bir sohaning istiqbolini yoshlar belgilaydi. Ichki ishlar organlari tizimida ham yosh kadrlar bilan ishlashning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi mas’ul xodimlari tomonidan Jizzax va Sirdaryo viloyatlari ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarning faoliyati o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida ta’lim muassasasini so‘nggi uch yilda tamomlagan kadrlarning xizmatga moslashishi, kasbiy bilim va ko‘nikmasi, KPI ko‘rsatkichlari, shuningdek joylarda kadrlar qo‘nimsizligi, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish, xizmatdan bo‘shash bilan bog‘liq muammolar tahlil qilindi. Xodimlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning fikr va takliflari tinglandi.
Monitoring yakunida ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu kabi chora-tadbirlar ichki ishlar organlarida kadrlar bilan maqsadli ishlashni takomillashtirish, yoshlarning professional salohiyatini yuksaltirish, hududlardagi muammolarni barvaqt aniqlash orqali tizimning faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
IIV akademiyasi Axborot xizmati