Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Ertangi kunimiz bilimli avlodga bog‘liq

01 Dekabr 2025, 09:12

80

Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’limning barcha bo‘g‘inlari izchil isloh qilindi. Ichki ishlar organlari tizimida ham akademik litseylar tashkil qilinib, soha uchun kadrlarni maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov vazirlikning Toshkent viloyatidagi akademik litseyida bo‘lib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shu kuni maskanda yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayonlari holati, yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish masalalari atroflicha o‘rganildi. Litsey rahbarlari bilan muloqot chog‘ida ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan yondashuvlar, o‘qituvchilarning pedagogik salohiyati yuzasidan fikr almashildi.

Akademiya boshlig‘i bugungi kunda akademik litseylar oldida turgan dolzarb vazifalarga to‘xtalib, yoshlarni o‘qishga qabul qilingan ilk kunlardan boshlab kasbga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun ta’lim sifati, o‘qituvchilarning bilim darajasi yuqori bo‘lishi, mashg‘ulotlar eng ilg‘or metodlar asosida tashkil qilinishi kerakligi qayd etildi.

Yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning hayotini ularga ibrat qilib ko‘rsatish, o‘quvchilar qalbida ichki ishlar organlari kasbiga mehr va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish, ayni yo‘nalishdagi tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

– Litsey o‘quvchilari milliy g‘urur, mardlik va fidoyilikda boshqa tengdoshlaridan ajralib turishi kerak. Shu bois, zamonaviy bilim berish bilan birga, ularning jangovar ruhi, ma’naviy-axloqiy fazilatlari, qat’iy hayotiy pozitsiyasini ham shakllantirib borishimiz zarur, – dedi akademiya boshlig‘i.

O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, akademiya faoliyatida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ayniqsa ta’lim jarayonidagi yangiliklar aytib o‘tilib, yangi avlod ichki ishlar organlarini tayyorlash borasida jamoa oldida turgan ustuvor vazifalar yetkazildi.

Shu kuni samarali mehnat faoliyati, o‘qishdagi yutuqlari bilan barchaga o‘rnak bo‘layotgan o‘qituvchi va o‘quvchilar tashakkurnoma bilan rag‘batlantirildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech