IIV akademiyasiga Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududi politsiyasi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Kunning birinchi yarmida mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Zamonaviy inshootlarni ko‘zdan kechirish davomida ularga ta’lim jarayonlarini samarali tashkil etish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish, xalqaro tajribalarni ommalashtirish maqsadida amaliyotga joriy qilingan ilg‘or yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari yaratilgan zamonaviy imkoniyatlarni e’tirof etib, ta’limni raqamlashtirish, dual tizimda o‘qitish, kursant va tinglovchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, soha uchun yuqori malakali mutaxassis va boshqaruv kadrlarini tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Kunning ikkinchi yarmida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov va Leung-yuk Cheung boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zaro muloqot chog‘ida yuksak darajada rivojlanib borayotgan O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari e’tirof etildi. Tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, jumladan, ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish, dolzarb yo‘nalishlarda o‘quv kurslari tashkil etish, mashg‘ulotlarga malakali mutaxassislarni jalb qilish yuzasidan fikr almashdilar.
Gonkong vakillarining yurtimizga tashrifi davom etmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati