Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Halol mehnat faqat ulug‘lik olib keladi

23 Fevral 2026, 21:08

275

Ichki ishlar organlari tizimida ko‘p yillar xizmat qilish hammaga ham nasib etmaydi. Chunki soha qiyinchiliklarini yengib o‘tish uchun insonga metinday iroda va matonat kerak.

Ana shunday ustozlar qatorida salkam qirq yillik faoliyatini Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga bag‘ishlagan To‘lqin Mamatqulov va Baxtiyor Sirliyev bor. Ular tizim uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘lida sidqidildan mehnat qildi. Minglab shogirdlarni kamolot cho‘qqisiga yetkazdi. Kasbiga mehri, cheksiz sadoqati, halolligi bilan jamoada hurmat qozondi.

Soha fidoyilarini nafaqaga kuzatish marosimida so‘z olganlar inson umri uning yashagani bilan emas, aksincha, el-u yurt manfaatlari yo‘lida qilgan mehnatlari, insoniylik amallari bilan o‘lchanishini alohida ta’kidlab o‘tishdi.

Tadbirda ularning samarali mehnatlari, ta’lim-tarbiya jarayonlariga qo‘shgan ulkan hissalari, ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyatlari davomida erishgan yutuqlari, jonkuyarlik fazilatlari e’tirof etildi. O‘quv dargohida xizmat qilayotgan yosh xodimlar katta avlod vakillari yaratgan tajriba maktabidan saboq olib, ularga munosib izdosh bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

– Ichki ishlar tizimi shunday sohaki, butun umr qilgan xizmatlaring ortidan kelgan olqishlarni ko‘rib, mashaqqatlarni shu onda unutasan. Bugun ustozlarimiz ko‘zidagi quvonch, mamnunlik hissini ko‘rib, bunga yana bir bor amin bo‘ldim. Halol mehnat insonga ulug‘lik olib keladi, deb shunga aytsalar kerak, – dedi fakultet boshlig‘i Maqsud Qalandarov.

Tadbir davomida samimiy dil izhorlari, qutlovlar, minnatdorlik so‘zlari yangradi. Faxriylar o‘zbekona to‘nlarda izzat-ikrom bilan nafaqaga kuzatildi.

Jamshid Xolov,

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech