Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Hamkorlik aloqalari mustahkamlandi

15 Iyun 2024, 12:06

310

Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga Koreya kriminologiya va adliya instituti rahbari boshchiligida delegatsiya tashrif buyurdi.

Bu yil O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 32 yil to‘ldi. Shu davr ichida o‘zaro munosabatlar yuksak ishonch va do‘stlik ruhida izchil rivojlandi. Bugungi kunda Janubiy Koreya O‘zbekistonning alohida strategik sherigi, vaqt sinovidan o‘tgan yaqin hamkorlaridan biri sanaladi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari ustuvorlik kasb etadi. Xususan, uyushgan jinoyatchilik, xalqaro terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va boshqa xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish tomonlar manfaatiga to‘la mos keladi.

Koreya kriminologiya va adliya instituti vakillarining yurtimizga tashrifi ham mazkur yo‘nalishda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Delegatsiya a’zolari dastlab akademiyaning xalqaro aloqalari yo‘nalishlari bilan tanishdilar. Mehmonlarga yetakchi xorijiy tashkilotlar va turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan munosabatlar haqida ma’lumot berildi.

Shu yerning o‘zida Koreya delegatsiyasi a’zolari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti vakillari o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya munosabatlari jadal sur’atlarda rivojlanib, yangi bosqichga chiqib borayotgani e’tirof etildi. Samimiy ruhdagi uchrashuv hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Delegatsiya rahbari, Koreya kriminologiya va adliya instituti prezidenti janob Tae Xun Xa ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish sohaga ilg‘or yondashuvlarni keng tatbiq qilishga yo‘l ochishini qayd etdi.

O‘z navbatida, IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov O‘zbekiston va Koreya davlatlarining turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirishdan manfaatdor ekaninini bildirdi.

Shundan so‘ng mehmonlarga IIV akademiyasi hamda Kriminologiya tadqiqot instituti faoliyati taqdimot qilindi. Uchrashuv yakunida Koreya kriminologiya va adliya instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu kuni koreyalik mutaxassislar Ma’naviyat va ma’rifat markazi, zamonaviy sport kompleksi, axborot-resurs markazi, o‘quv tezkor-tergov guruhlari uchun mo‘ljallangan mobil avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirdilar. Ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan zamonaviy yondashuvlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech