Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Har bir oila, xonadondagi ijtimoiy muhit yaxshilanmoqda

10 Aprel 2026, 18:32

99

Shu kunlarda IIV akademiyasi ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahallalarida faoliyat olib bormoqda.

Manzilli o‘rganishlar Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risidagi qarorlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Xizmat safari davomida Chimboy, Mo‘ynoq, Xo‘jayli, Taxiatosh, Shumanay tumanlarining “Shaxtemir”, “Hakim ota”, “Madaniyat”, “Markaziy”, “Taza bazar”, Nukus shahrining “Xalqlar do‘stligi”, “Chimboy choyxona”, “Tung‘ish qonis”, “Turon” mahallalarida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Hududlarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilinib, 25 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlandi. Birinchi chorak uchun mo‘ljallangan “yo‘l xarita”larga kriminogen omillarni bartaraf etishga qaratilgan 50 ga yaqin taklif va tavsiyalar kiritildi.

Jamoat joylari, ko‘chalar va “jinoyat o‘choq”lariga 9 ta kamera, 14 ta tashvish tugmasi o‘rnatilib, xavfsizlik tizimlariga integratsiya qilindi. Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli 44 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olindi. Bundan tashqari, mahallalarda 14 ta “xavfsiz ko‘cha”, 12 ta “xavfsiz uy” tashkil qilindi. Aholi bilan muloqot qilish, ularning muammolarini o‘rganish jarayonida ijtimoiy profilaktika obyekti bo‘lgan 447 nafar shaxs aniqlanib, “mahalla yettiligi” xodimlariga nomma-nom biriktirildi.

Ma’lumki, oiladagi nosog‘lom muhit huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri sanaladi. O‘rganishlar davomida oilalardagi ijtimoiy-maishiy muammolar tahlil qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida “Nizoli oilani o‘rganish pasporti” namunaviy amaliyoti yaratilib, hududlarga joriy qilindi. Bugungi kunda mazkur tizim asosida oilarlardagi ijtimoiy-maishiy muammolarni bartaraf etish va ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Natijada tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga himoya orderi rasmiylashtirilib, og‘ir ijtimoiy sharoitda qolganlarga nisbatan reabilitatsiya va moslashtirish dasturlari qo‘llanilmoqda. Mahalla faollari bilan birgalikda oila a’zolarini yarashtirish choralari ko‘rilib, ularga huquqiy maslahatlar berilmoqda.

Bundan tashqari, ijtimoiy profilaktika doirasida aniq vazifalar belgilab olinib, har bir shaxs bilan manzilli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Mahalla yettiligi” tizimi vakillari bilan “yo‘l xarita”larda belgilangan chora-tadbirlar muhokama qilinib, ularning ijrosi ta’minlanmoqda

Eng muhimi, ko‘rilayotgan choralar mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda samarali tizimga aylanmoqda.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech