IIV akademiyasi vakillari Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiasiyasi (INTERPA) Ijroiya kengashining navbatdagi yig‘ilishida qatnashdi.
Yig‘ilishni assotsiasiya raisi, Turkiya milliy politsiya akademiyasi prezidenti Murat Balchi ochib, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, o‘tgan davr mobaynida erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratdi.
Kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan Indoneziya milliy politsiya akademiyasi, Lyudovik nomidagi Vengriya davlat boshqaruvi universiteti Huquqni muhofaza qilish faoliyati fakulteti, Qatar politsiya akademiyasi rahbarlari so‘zga chiqdi. Hozirgi murakkab sharoitda manfaatli aloqalarni rivojlantirish huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar uchun professional kadrlar tayyorlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda INTERPA doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar muhokama qilindi. Kelgusida Qatar, Vengriya, Vyetnam, Shimoliy Makedoniya davlatlarida xalqaro tashkilot Bosh assambleyasi va Ijroiya kengashi yig‘ilishlari o‘tkazilishi, a’zolar ishtirokida dolzarb mavzuga bag‘ishlangan konferensiya va seminar-trening tashkil etilishi aytib o‘tildi. Shu bilan birga, Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oqto‘ba yuridik institutini tashkilot a’zoligiga qabul qilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ijroiya kengash a’zolari ta’lim muassasalari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, tashkilotning xalqaro darajadagi nufuzini yanada yuksaltirishga kelishib oldilar. Shu bilan birga, xorijiy delegatsiyalar Indoneziya milliy politsiya akademiyasi va huquq-tartibot organlari faoliyatini o‘rganib, ilg‘or yondashuvlar yuzasidan tajriba almashdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati